Toshkentda O‘zbekiston – Chexiya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi
Toshkent shahrida Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Andrey Babishning mamlakatimizga rasmiy tashrifi doirasida ikki davlat ishbilarmon doiralarining qo‘shma biznes-forumi o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Andrey Babish ishtirok etdi.
Forumda ikki mamlakatning yetakchi sanoat korxonalari, investitsiya kompaniyalari va moliyaviy tuzilmalari vakillari jam bo‘ldi. Xususan, Chexiya delegatsiyasi tarkibidan mashinasozlik, energetika, kimyo, farmatsevtika va transport-logistika sohalarida faoliyat yurituvchi 50 dan ortiq yirik kompaniya rahbarlari joy oldi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi sakkiz yil ichida O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi ikki barobarga oshdi. Bugungi kunda mamlakatimizda Chexiya kapitali ishtirokida 36 ta qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Farmatsevtika, oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish va turizm sohalari o‘zaro hamkorlikning muvaffaqiyatli yo‘nalishlari sifatida qayd etildi.
Muzokaralar davomida iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishning qator istiqbolli yo‘nalishlari haqida so‘z bordi.
Chexiya kompaniyalari mis va boshqa rangli metallarni qazib olish, ularni chuqur qayta ishlash hamda tog‘-kon texnikalarini mahalliylashtirish loyihalariga taklif etildi.
Gidroelektrstansiyalar qurish, kogeneratsiya uskunalarini o‘rnatish, sohani raqamlashtirish va energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha sheriklikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekistonning IT-parklari va sohadagi 100 mingdan ziyod mutaxassis salohiyatidan foydalangan holda uchinchi davlatlar bozori uchun qo‘shma raqamli mahsulotlar yaratish imkoniyatlari muhokama qilindi.
[gallery-29092]
Mamlakatimizdagi kimyo klasterlari negizida mineral o‘g‘itlar, polimerlar va maishiy kimyo vositalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, farmatsevtika sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Ikki davlatning geografik joylashuvi strategik ahamiyatga ega ekani alohida qayd etildi. Bu O‘zbekiston uchun Yevropa Ittifoqi bozoriga, Chexiya uchun esa Markaziy Osiyo bozoriga chiqishda darvoza vazifasini o‘taydi. Shu munosabat bilan, paritet asosida savdo uylari va logistika markazlarini tashkil etish taklifi ilgari surildi.
O‘zbekiston tomoni chexiyalik investorlar uchun maxsus sanoat parklarida yaratilgan imkoniyatlar va Yevropa kompaniyalari uchun taqdim etilayotgan alohida imtiyozlarga to‘xtalib o‘tdi.
O‘z navbatida, Chexiya Bosh vaziri o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini bildirib, aniq investitsiyaviy takliflarini taqdim etdi.
Forum yakunida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator muhim hujjatlar va bitimlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ikrom AVVALBOEV, Sarvar O‘RMONOV(surat), O‘zA