Jizzax–Pekin: "yo‘l xaritalari" belgilab olindi
Jizzaxda o‘tgan navbatdagi uchrashuv oddiy muloqot emas, balki raqamlar va aniq tashabbuslarga tayangan, manzilli hamkorlikning yangi bosqichini boshlab beruvchi muhim voqea sifatida namoyon bo‘ldi. Viloyat hokimi Ulug‘bek Mustafoyev Xitoy Xalq Respublikasidan tashrif buyurgan nufuzli delegatsiya vakillarini qabul qilib, qishloq xo‘jaligini innovatsion asosda rivojlantirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalarini atroflicha muhokama qildi.
Pekindan tashrif buyurgan delegatsiya tarkibi muloqotning salmog‘ini yanada oshirdi. Unda “Beidahuang Rice Industry Group International Rice Industry (Beijing) Co., Ltd” kompaniyasi bosh direktori Xan Szun, “Jiangxi Xinzengxin Technology Co., Ltd” direktori Shao Yuy, Xitoy xalqaro qishloq xo‘jaligi assotsiatsiyasi rahbari o‘rinbosari U Chjentao hamda “Beijing Zhongkenlü Grain and Oil Co., Ltd” direktori Yuy Sze kabi yirik biznes va ilmiy doira vakillari ishtirok etdi. Bu esa muzokaralarning shunchaki fikr almashuv emas, balki amaliy natijaga yo‘naltirilganini yaqqol ko‘rsatdi.

Uchrashuv davomida Jizzax viloyatining investitsiyaviy salohiyati, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar aniq dalillar va raqamlar asosida taqdim etildi. Hududning ochiq va ishonchli investitsiya muhiti delegatsiya a’zolarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Xitoylik hamkorlar tomonidan ilgari surilgan takliflar esa o‘z mazmun-mohiyati bilan Jizzax agrar sohasini modernizatsiya qilishga qaratilgan kompleks dasturni eslatdi. Jumladan, ilg‘or urug‘chilik tizimini joriy etish, yuqori hosildor kartoshka navlarini yetishtirish, chorva va parrandachilikni sanoat asosida rivojlantirish, baliqchilikni intensiv texnologiyalar bilan yo‘lga qo‘yish hamda dukkakli ekinlarni eksportbop mahsulotga aylantirish kabi aniq yo‘nalishlar belgilab olindi.

Bu tashabbuslar shunchaki niyat emas, balki o‘zaro manfaatli hamkorlikka asoslangan “yo‘l xaritasi” sifatida baholanmoqda. Tomonlar investitsiya kiritish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ilmiy hamkorlikni kuchaytirish va mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha aniq mexanizmlar ishlab chiqishga kelishib oldi.
Mazkur muloqot mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ochiq iqtisodiyot siyosati, hududlar salohiyatini ro‘yobga chiqarish va agrar sohada qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratishga qaratilgan izchil islohotlarning amaliy ifodasi bo‘ldi. Endilikda gap tashabbuslarda emas, balki ularni joylarda tez va samarali tatbiq etishda — ana shu jihat mazkur uchrashuvning asosiy mazmuniga aylandi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri