Senatda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining axboroti eshitildi
Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi majlisida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining 2025-yildagi faoliyati yuzasidan axboroti eshitildi.
O‘tgan yilda mamlakat iqtisodiyotida 43,1 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilib, belgilangan reja 103 foizga bajarilgani qayd etildi. 2024-yilga nisbatan 1,2 barobar o‘sish ta’minlangan.

Investitsiyaviy salohiyati yuqori hamkor davlatlar sifatida Xitoy, Rossiya, Turkiya, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari ko‘rsatib o‘tildi.
2026-yilda xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirish hajmini 50 milliard dollargacha oshirish va 2,3 mingga yaqin yangi loyihalarni ishga tushirish rejalashtirilgani ma’lum qilindi.
So‘zga chiqqanlar tarmoqlar kesimida yuqori o‘sish sur’atlariga erishilayotganini alohida ta’kidladi. Qurilish, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari, tog‘-kon va kimyo sanoati, raqamli texnologiyalar shular jumlasidan.

Majlisda davlatimiz rahbarining Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, investitsiya muhitini yanada yaxshilash, xususiy sektor ulushini kengaytirish, sanoat tarmoqlarini chuqur qayta ishlashni kengaytirish, mahalliylashtirishni kuchaytirish, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish hamda eksportni diversifikatsiya qilish zarurligi ta’kidlandi.

Investitsiyalarni jalb qilish samaradorligini yanada oshirish, sanoatni diversifikatsiya qilish, eksport geografiyasini kengaytirish hamda tadbirkorlik sub’ektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar bildirildi.
Muhokama yakuni bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi.
N.Abduraimova,
O‘zA