Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
O‘rta Chirchiq tumanida “Navro‘zni ulug‘lash insonni ulug‘lashdir!” degan ezgu g‘oya ostida keng nishonlangan bayram hudud aholisiga xush kayfiyat bag‘ishladi. Mazkur ayyom arafasida hudud obodonlashtirilib, atrofda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.
Mahallalar, guzarlar, xiyobonlar, ziyoratgohlar, qabristonlar hamda bolalar maydonchalari obod qilindi. Turarjoy mavzelari va ko‘chalar atrofiga mevali-manzarali nihollar va gul ko‘chatlari ekish, daraxtlarni oqlash va shakl berish ishlari amalga oshirildi. Tuman markazi sayil munosabati bilan “Navro‘zi olam muborak!”, “Xush kelding yurtimga, Navro‘z!” kabi shiorlar, bahoriy gullar bilan bezatildi. Asosiy maydon atrofiga dasturxonlar yozildi. Doshqozonlarda milliy taomlardan sumalak, palov tayyorlandi. Shu bilan birga, ko‘k somsa, chuchvara va boshqa milliy taomlar tayyorlanib, barchaga tarqatildi.


Tadbirda tuman hokimi I.Qosimov, hudud faollari va faxriylar bilan birga barchani qutlab, samimiy tilaklarini bildirdi. Shu yerda aholi bilan samimiy suhbat qilindi. Bu yilgi sayilda xalq amaliy san’ati namunalari, xususan, milliy kiyimlar, milliy urf-odat va an’analarga alohida e’tibor qaratildi. Mashhur san’atkorlar va badiiy jamoalarning konsert dasturi namoyish etildi.
***
Toshkent viloyat bojxona boshqarmasining “Oybek” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan qo‘shni davlatdan yurtimizga piyoda kirib kelgan chet el fuqarosi tekshiruvdan o‘tkazildi.


Bojxona ko‘zdan kechiruvi jarayonida uning qo‘l yuklari tekshirilganda, sumkasidagi konfetlar orasiga, shu konfet qog‘ozlariga yashirilgan holda, og‘zaki so‘rovda ma’lum qilinmagan hamda yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan 145,54 gramm zargarlik buyumlari borligi aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu zargarlik buyumlari qayta sotish maqsadida olib kirilayotgan bo‘lgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur zargarlik buyumlarining qiymati 162 million so‘mni tashkil etadi. Hozir ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
***
Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy faolligini oshirish hamda inklyuziv muhitni kengaytirishga qaratilgan “VoiceUp – 2026” inklyuziv yoshlar oromgohining Toshkent viloyat bosqichi boshlandi.

Loyiha doirasida ishtirokchilar dastlab Yuqori Chirchiq tumanidagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazida bo‘lib, bu yerda aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar bilan yaqindan tanishdi. Shundan so‘ng ular Parkent tumanining so‘lim maskani Kumushkon qishlog‘ida joylashgan mehmonxonaga joylashtirildi. Ayni paytda oromgoh doirasida bola huquqlari kafolatlari mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tmoqda.

Ishtirokchilarning ta’kidlashicha, oromgoh nafaqat bilim va ko‘nikmalarni oshirish, balki yangi do‘stlar orttirish uchun ham muhim maydon bo‘lmoqda. Aytish joizki, “VoiceUp – 2026” loyihasi turli imkoniyatlarga ega bo‘lgan yoshlarni birlashtirish, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda ijtimoiy hayotdagi faolligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
A.Musayev,O‘zA