Senat Raisi boshchiligidagi parlament delegatsiyasi Vengriyaga tashrif buyurdi
Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi parlament delegatsiyasining Vengriyaga tashrifi doirasida Vengriya Prezidenti, Milliy Assambleyasi Spikeri bilan uchrashuv ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston Senati va Vengriya Milliy Assambleyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi o‘zaro anglashuv memorandumi imzolanishi kutilmoqda.
Tashrif davomida O‘zbekiston parlament delegatsiyasi Budapeshtdagi Qahramonlar maydonida bo‘ldi.

Senat Raisi T.Norboyeva Qahramonlar maydonidagi Noma’lum askar yodgorligi poyiga gul qo‘ydi hamda Vengriya xalqining ozodlik uchun kurashgan himoyachilari xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
Aytib o‘tish kerakki, ushbu yodgorlik katta toshli kenotafdan iborat bo‘lib, Vatan himoyachilarining mangu xotirasiga hurmat timsoli sifatida qad rostlagan.

Mazkur yodgorlik dastlab 1929 yilda Birinchi jahon urushi qurbonlarini yod etish maqsadida o‘rnatilgan. 1956 yilda haykaltarosh Beyla Gebxardt loyihasi asosida qayta tiklangan, 2001 yil 20 avgustda esa Andrash Silagiyai tomonidan yaratilgan hozirgi ko‘rinishda ochilgan.
Senat Raisi Faxriy mehmonlar kitobiga dil so‘zlarini yozib qoldirdi.
N.Abduraimova, O‘zA