Toshkentda Amir Temur tavalludiga bag‘ishlangan harbiy tadbir o‘tkazildi
FOTOREPORTAJ
Poytaxtimizda buyuk davlat arbobi va sarkarda Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan harbiy bo‘linmalar ishtirokida tantanali piyoda yurish tadbiri tashkil etildi.
Tonggi soat 08:00da Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti hududidan boshlangan tantanali piyoda yurish tadbiri 12:30 ga qadar davom etdi. Harbiy xizmatchilarning bir maromdagi qadam tashlashi, yuqori intizomi va tayyorgarligi tadbirga alohida shukuh bag‘ishladi.
Yo‘nalish davomida harbiylar dastlab Parkent va Mustaqillik ko‘chalari bo‘ylab harakatlanib, Amir Temur xiyoboni hududiga yetib keldi. Poytaxt aholisi va mehmonlar harbiylarni qizg‘in olqishlar bilan kutib oldi. Bu yerda tariximiz va buyuk ajdodlarimiz merosini ifoda etuvchi madaniy va harbiy dasturlar namoyish etildi, o‘sha davr harbiy san’ati va madaniyati haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Tadbir doirasida Amir Temur davriga xos qurol-aslaha va liboslar namoyishi, teatrlashtirilgan chiqishlar, faxriy qorovul jamoasining chiqishlari hamda qo‘l jangi ustalarining ko‘rgazmali mashqlari o‘tkazildi. Shuningdek, harbiy orkestr tomonidan defile namoyishlari ham tashkil etildi.
[gallery-28559]
Mazkur tadbir nafaqat tarixiy sanaga bag‘ishlangan bayram, balki yosh avlodni milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning qalbida vatanparvarlik, fidoyilik va milliy g‘urur tuyg‘ularini kuchaytirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli. Ayniqsa, yoshlar va talabalarning faol ishtiroki tadbirning ma’naviy-tarbiyaviy ahamiyatini yanada oshirdi.
Harbiy bo‘linmalar belgilangan yo‘nalish bo‘ylab harakatlanib, Mustaqillik va Temiryo‘l ko‘chalari orqali boshlang‘ich nuqtaga qaytdi.
Taassurotlarga boy tadbir yuksak saviyada, tartib-intizom asosida va ko‘tarinki ruhda yakunlandi.
Kamola Yusupova,
Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA