Endilikda dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazishda ularning xalqaro miqyosdagi samaradorligi o‘rganiladi
Adliya vazirligi Dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonida ularning samaradorligini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi idoraviy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Unga ko‘ra, dori vositalarining samaradorligi 12 ta xalqaro ilmiy manbalar asosida tekshiriladi.
Samaradorlikni o‘rganish mustaqil ilmiy ekspertlardan iborat komissiyalar tomonidan amalga oshiriladi.
Samaradorlikni o‘rganish natijalari bo‘yicha dori vositalari quyidagi 3 ta toifaga ajratiladi:
— samaradorligi isbotlangan dori vositalari (samaradorligi xalqaro ilmiy manbalarda tasdiqlangan bo‘lsa);
— samaradorligi isbotlanmagan dori vositalari (xalqaro ilmiy manbalarga ko‘ra, samaradorligi o‘z isbotini topmagan bo‘lsa);
— samaradorligi o‘rganilmagan dori vositalari (samaradorligi bo‘yicha xalqaro ilmiy manbalarda ma’lumotlar mavjud bo‘lmasa).
O‘rganish natijalari Sog‘liqni saqlash vazirligi “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasining rasmiy veb-saytida e’lon qilib boriladi.
O‘zA