Senat: jinoyatlarning 49,6 foizi axborot texnologiyalari bilan bog‘liq jinoyatlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda
Senatning 2026-yilga mo‘ljallangan ish rejasiga muvofiq Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan axborot texnologiyalari orqali sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashishni kuchaytirishga qaratilgan ishchi guruh yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unda Jinoyat kodeksini takomillashtirish, xususan, kiberjinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi. Shu maqsadda vazirlik va idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh shakllantirilgani ta’kidlandi.
Qo‘mita raisi Qutbiddin Burxonov keyingi yillarda axborot texnologiyalari jadal rivojlanishi bilan birga kiberjinoyatlar soni ham keskin ortib borayotganini ta’kidladi. Xususan, elektron to‘lov tizimlari orqali mablag‘larni talon-toroj qilish, shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlash, shuningdek, sun’iy intellekt yordamida ovoz va qiyofani soxtalashtirish holatlari ko‘paymoqda.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2021-yilda raqamli makonda 20 turdagi jinoyat qayd etilgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 64 taga yetgan. 2025-yilda esa respublikada qayd etilgan jami jinoyatlarning 49,6 foizi axborot texnologiyalari bilan bog‘liq jinoyatlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Yig‘ilishda kiberjinoyatlarning yuqori yashirinlik darajasi, ularning masofadan turib sodir etilishi kabi omillar ularning ijtimoiy xavfliligini oshirayotgani alohida ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Xavfsiz muhit” tamoyili doirasida nafaqat jismoniy, balki raqamli makonda ham fuqarolar xavfsizligini ta’minlash ustuvor vazifa ekani qayd etildi.
Yig‘ilish yakunida kiberjinoyatlarga qarshi kurashish samaradorligini oshirish, qonunchilikni takomillashtirish va jazo choralarini kuchaytirish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqish yuzasidan kelishib olindi.
N.Abduraimova, O‘zA