Sayyor sud: Probatsiyadagilarga imkoniyat yoki jazoni kuchaytirish(+video)
Sayyor sudlar probatsiyadagilar uchun hal qiluvchi lahzadir. Ba’zilar ozodlikka qadam qo‘ysa, boshqalar berilgan imkoniyatni boy berib, jazosi og‘irlashganini ko‘radi. Bu qarorlar ortida nima bor?
Bugungi kunda joylarda o‘tkazilayotgan sayyor sudlarda qilmishidan chin dildan pushaymon bo‘lib, tuzalish yo‘liga o‘tgan shaxslar ozodlikka, aksincha, berilgan imkoniyatlardan to‘g‘ri xulosa chiqarmay, jamiyatda yurish-turish qoidalarini buzganlari yana ozodlikdan mahrum etilib, jazosi og‘irlashtirilmoqda. Zero, inson taqdiri o‘z qo‘lida, kelajagi qanday bo‘lishini o‘zi hal qiladi.
Jumladan, Toshkent shahrining Chilonzor tumanida 879 nafar fuqaro probatsiya nazoratida turadi. Ularga qilmishidan to‘g‘ri xulosa chiqarib, tuzalish yo‘liga o‘tishiga yetarlicha imkoniyat beriladi. Shu bilan birga ular orasida jamiyatda yurish-turish qoidalari bo‘yicha keng tushuntirish ishlari olib boriladi.
Ayniqsa, hududiy jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan “sayyor sud” va “sayyor qabul”lar probatsiya nazoratidagi shaxslarga davlatimizning adolatli siyosati, kechirimlilik prinsiplari, ular duch kelayotgan muammolarni birgalikda hal qilish mumkinligini yaqqol ko‘rsatib berdi. Galdagi sayyor sud majlisida 50 nafar probatsiyadagi shaxslar orasidan 13 nafari tuzalish yo‘liga o‘tganligi, belgilangan taqiq va majburiyatlarni vijdonan bajarib kelayotgani uchun jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari ozod qilishga tavsiya qilindi. Chilonzor tumani sudi sudyasi har bir tuzalish yo‘liga o‘tgan fuqaroning xatti-harakatini chuqur o‘rgandi va o‘z qarorini e’lon qildi.
O‘z navbatida jazoni o‘tashdan qasddan bo‘yin tovlab kelayotgan, probatsiya qoidalariga rioya etmayotgan 5 nafar shaxslarning o‘talmay qolgan jazo muddatini og‘irroq jazo turi bilan almashtirish choralari ko‘rildi.
Sayyor sud jarayonida advokatlar, IIV probatsiya boshqarmasi va IIBB probatsiya xizmati rahbarlari, tuman prokurorining so‘zlari eshitildi. Probatsiya nazoratidagi shaxslarning har biri bilan alohida suhbatlashib, ularning muammolari tinglandi. Ba’zi masalalar shu yerning o‘zida yechim topgan bo‘lsa, muddat talab qiladigan muammolar bo‘yicha mas’ullarga topshiriq berilib, ijrosi nazoratga olindi.
Shuningdek, tumandagi probatsiya nazoratiga olingan shaxslarga qonunlarni hurmat qilish, jamiyatda yurish-turish qoidalariga itoat qilish, insoniylik prinsiplari va muammolarni birgalikda hal qilish yo‘llari tushuntirildi.
Sanjar Toshpo‘latov, Oybek Davronov, Iskandar Ismatov, O‘zA