Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish – ustuvor vazifa
Bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularni zo‘ravonlikning barcha ko‘rinishlaridan asrash hamda jamiyatda bunday holatlarga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan qonunning mazmun-mohiyati yuzasidan targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi. Unda "Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida"gi qonunning ahamiyati tushuntirildi.
Unda so‘zga chiqqanlar har bir bolaning hayoti, sog‘lig‘i, sha’ni, qadr-qimmati, shaxsiy daxlsizligi hamda erkin kamol topishi davlat va jamiyatning ustuvor vazifalaridan biri ekanligini alohida ta’kidladi.
Tadbir davomida mazkur qonunning maqsad va vazifalari, bolalarni zo‘ravonlikning jismoniy, ruhiy, jinsiy va boshqa shakllaridan himoya qilishga qaratilgan huquqiy mexanizmlar, shuningdek, bolalar huquqlarini ta’minlashda davlat organlari, ta’lim muassasalari, ota-onalar va jamoatchilikning mas’uliyati haqida tushuntirishlar berildi.

– Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik faqat jismoniy jarohat yetkazish bilan cheklanmaydi, – deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudi raisi Bahodir Aliqulov. – U ruhiy tazyiq, haqoratlash, qo‘rqitish, e’tiborsiz qoldirish, jinsiy tajovuz, ekspluatatsiya va internet muhitidagi zararli ta’sirlar shaklida ham namoyon bo‘lishi mumkin. Bunday holatlar bolaning ruhiy va jismoniy rivojlanishiga, ta’lim olishiga, o‘zgalarga ishonchi hamda kelajakda jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Keyingi yillarda mamlakatimizda bolalarni, ayniqsa, zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Mazkur qonun ham ana shunday muhim chora-tadbirlardan biridir.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri