Saudiya Arabistoni va BAA Eronga qarshi urushga qo‘shilishi mumkin (+video)
The Wall Street Journal nashri 23-mart kuni AQSHning Fors ko‘rfazidagi ittifoqchilari bosqichma-bosqich Eronga qarshi urushga qo‘shilmoqda, deb xabar berdi.
Unda aytilishicha, Saudiya Arabistoni AQSHga o‘z aviabazasidan foydalanishga ruxsat bergan va urushda ishtirok etish bo‘yicha qaror qabul qilish arafasida. Avvaliga Saudiya Arabistoni o‘z havo hududini Eronga qarshi zarbalar uchun bermasligini aytgan edi. Endi esa Saudiyaning sabri cheklangani va Eron hujumlariga qarshi harakat qilish vaqti yaqinligi aytiladi.
Birlashgan Arab Amirliklari esa Eronga qarshi iqtisodiy choralarni kuchaytirdi. Dubayda Eronga tegishli shifoxona va klub yopildi. Hukumat ular qonunga zid ravishda Eron manfaatlariga xizmat qilganini bildirdi.
BAA shuningdek, milliardlab dollarlik Eron aktivlarini muzlatishni ko‘rib chiqmoqda. Bu Eronning xorijiy valyuta va jahon savdosiga chiqish imkoniyatini jiddiy cheklashi mumkin.
Fors ko‘rfazi davlatlari, ayniqsa Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari, AQSHdan Eronning harbiy kuchini to‘liq yo‘q qilishni talab qilmoqda. Ular o‘zlari ham javob choralari ko‘rishga majbur bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.
Eronning Qatar, Saudiya, Kuvayt va BAAdagi energetika ob’ektlariga qilgan hujumlari vaziyatni yanada keskinlashtirdi. Qatar buni milliy xavfsizlikka tahdid deb baholadi.
Shuni qo‘shimcha qilish lozimki, The Wall Street Journal tarqatgan xabarlarni, Saudiya yoki Birlashgan Arab Amirliklari rasmiylari ochiqcha tasdiqlagani yo‘q. Bunday qarorlar odatda rasmiy bayonot bilan e’lon qilinadi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/UblG_QbU08g" title="Saudiya Arabistoni va BAA Eronga qarshi urushga qo‘shilishi mumkin" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe> Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA