KXDR Janubiy Koreyaga qarata o‘ta keskin bayonot berdi (+video)
Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In mamlakat tashqi siyosatida keskin burilish yasab, Janubiy Koreyani rasman “birinchi raqamli dushman davlat” deb atadi. U KXDR Oliy xalq majlisidagi nutqida mamlakatning yadroviy maqomi o‘zgarmasligi, ayni yo‘nalishda ortga qaytilmasligini qat’iy ta’kidladi.
Yetakchi fikricha, yadroviy qurol faqat harbiy vosita emas, balki davlat xavfsizligi va iqtisodiy barqarorlikning asosiy kafolatidir. Shu munosabat bilan Pxenyan yadroviy qurolsizlanish evaziga taklif qilinayotgan har qanday iqtisodiy imtiyoz yoki xavfsizlik kafolatini rad etmoqda. Qolaversa, kuchli yadroviy tiyib turish tizimi mamlakatga ichki resurslarni iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash va aholi turmush darajasini oshirishga yo‘naltirish imkonini berayotgani ta’kidlandi.
Pxenyan dunyoda kuchning ahamiyati ortib borayotgan sharoitda yadro quroli suverenitetni saqlab qolishning eng muhim vositasi, deb hisoblamoqda.
KXDR Koreya yarim orolini tinch yo‘l bilan birlashtirish g‘oyasidan voz kechgani yana bir jiddiy o‘zgarish sifatida namoyon bo‘ldi. Endi Seul “qardosh davlat” sifatida emas, balki bevosita raqib, hatto dushman sifatida ko‘rilyapti.
Kim Chen In, agar Janubiy Koreya tomonidan suverenitetga kichik tajovuz bo‘lsa ham keskin, shafqatsiz javob qaytarilishini bildirdi.
Tahlilchilar fikricha, bunday keskin bayonotlar nafaqat Seul, balki AQSH va mintaqadagi boshqa raqobatchi yurtlarga ham qaratilgan. Pxenyan Amerikaning harbiy ishtiroki, mintaqada o‘z yadroviy vositalarini joylashtirishini jiddiy xavf, deb biladi.
Janublik ekspert Lim Yul-chul ta’kidlashicha, Koreya Xalq Demokratik Respublikasi endi Janubiy Koreyani alohida davlat sifatida tan olmasdan, muzokara jarayonidan chetlatish strategiyasiga o‘tgan.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/dsiTWR6BTxE" title="KXDR Janubiy Koreyaga qarata o‘ta keskin bayonot berdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>F.Yaxshiboyeva,
U.To‘xtayev (videomuhandis), O‘zA