Rossiyaliklar uchun xorij pasportini olish nega qiyinlashdi? (+video)
Euronews nashri 2022-yildagi mobilizatsiyadan keyin Rossiyani 500 mingdan 1,3 milliongacha odam tark etgan, deb xabar berdi.
Keyinchalik ularning ko‘pchiligi qaytib kelgan bo‘lsada, ammo 2025-yil oxiridan boshlab mamlakatda yana chetga ko‘chib ketishga qiziqish oshib bormoqda. Shu bilan birga, bugungi kunda rossiyaliklar uchun xorijga chiqishning asosiy hujjati bo‘lgan xorij pasportini olish ancha qiyinlashgan.
Fuqarolar pasport rasmiylashtirish uchun navbatga yozila olmayotganini aytishmoqda. Bu haqda OAV ham, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ham xabar bermoqda. “Verstka” nashri “Gosuslugi” portali ma’lumotlarini tahlil qilib, bu holatni tasdiqlagan. Masalan, Moskvada jurnalist biometrik pasport uchun ariza bermoqchi bo‘lganida, birorta ham “bo‘sh” yoki “o‘rtacha band” bo‘lgan bo‘lim topilmagan, ya’ni barcha markazlar “juda band” deb ko‘rsatilgan va tizim navbatga yozilish qiyinligi haqida ogohlantirgan.
Shunday holat Sankt-Peterburg, Yekaterinburg, Qozon va Krasnodar shaharlarida ham kuzatilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilar ham o‘z muammolarini yozmoqda. Masalan, bir ayol dekabrdan beri eri bilan Moskvada hujjat topshirishga yozila olmayotganini aytgan. Peterburgda yashovchi yana bir ayol esa tayyor pasportini ham navbatlar tufayli ola olmayotganini bildirgan. Yekaterinburglik Yekaterina ham 4-martdan beri “juda uzun navbatlar sababli” pasportini ola olmayotganini ma’lum qilgan.
Hujjat rasmiylashtirishdagi qiyinchiliklar Rossiya aholisining emigratsiya va relokatsiya ya’ni insonning ish, biznes yoki boshqa sabab tufayli ko‘chib ketishi oshgani bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, “Rossiyadan ketish” mavzusidagi ijtimoiy tarmoqlar orqali qidiruvlar o‘tgan yildagiga nisbatan 2,5 barobarga oshgan, mart oyida esa bu ko‘rsatkich yana o‘sgan.
Bu tendensiya iqtisodiy vaziyatning yomonlashishi, ayrim hududlar va Moskvada internet cheklovlari, talabalarni Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikka jalb qilish va yangi mobilizatsiya to‘lqini haqidagi gap-so‘zlar tufayli kuchaymoqda. Ko‘pchilik bu holatlar armiyaga chaqirilganlar uchun chegaralar yopilishiga olib kelishi mumkin, deb xavotirda. Rasmiylar esa bu xavotirlarni rad etmoqda. Shu bilan birga, 2022-yil 21-sentabrdagi “Qisman mobilizatsiya e’lon qilish to‘g‘risida”gi prezident farmoni haligacha bekor qilinmagan va yuridik kuchda qolmoqda.
“Meduza” nashri o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovda ba’zi ishtirokchilar internet uzilishlari shaxsiy hayotga ta’sir qilayotganini aytib, mamlakatni tark etishni xohlayotganini bildirgan. Ular “umumiy charchoq”, “doimiy xavotirda yashash”, ishni yo‘qotish xavfi va “aloqasiz qolish” kabi muammolarni tilga olgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiyadagi hozirgi holatni Shimoliy Koreya va Xitoy bilan taqqoslovchilar ham ko‘p. Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa rossiyaliklarni uzoq davom etadigan internet o‘chishlariga tayyor bo‘lishga chaqirgan. Hukumat buni xavfsizlik choralari bilan izohlagan.
Mamlakatni uzoq muddatga yoki butunlay tark etish oson emas va jiddiy tayyorgarlikni talab qiladi. Ilgari mobilizatsiyadan qochib ketganlarning ko‘pchiligi keyinchalik qaytib kelgani ham shundan dalolat beradi.
Qaytib kelganlar Rossiyada qolgan yaqinlarini, xorijda ish topish qiyinligini, moliyaviy majburiyatlar va yashash ruxsatini uzaytirishdagi muammolarni sabab sifatida keltirgan.
Xorij pasporti bor rossiyaliklar vizasiz 100 ga yaqin davlatga qisqa muddatga bora oladi. Ammo bunday imkoniyat hammada ham yo‘q. 2022-yil ma’lumotlariga ko‘ra, rossiyaliklarning faqat 29 foizida xorij pasporti bo‘lgan. Keyingi hisob-kitoblarga ko‘ra esa, Rossiya aholisining 47 foizida mamlakatdan chiqishi uchun bunday hujjatning o‘zi yo‘q yoki uning amal qilish muddati tugagan.
Bugungi kunda yangi pasport olish yoki eskisini yangilash muammo bo‘lib qolmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/adhyN0enfng" title="Rossiyaliklar uchun xorij pasportini olish nega qiyinlashdi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Iskandar Ismatov, O‘zA