Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoidalari buzilishi yuzasidan xabar bergan shaxslar rag‘batlantiriladi
Har qanday huquqbuzarlik jamiyat uchun xavfli. Buning oldini olish uchun esa har birimiz mas’ulmiz.
Shu maqsadda, “Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning oldini olishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-avgustdan xavfli ishlab chiqarish ob’ektlari va texnik qurilmalaridan foydalanishdagi huquqbuzarliklar haqidagi xabarlarni Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasiga foto va (yoki) videomateriallar ko‘rinishida taqdim qilish hamda taqdim etgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi joriy etiladi.
Tasdiqlangan nizomga asosan taqdim etiladigan foto va (yoki) videomateriallarda quyidagilar aniq aks etgan bo‘lishi lozim:
-Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarlik mohiyati;
-Huquqbuzarlik sodir etilgan manzil (geolokatsiya), sana va vaqt.
Axborot tizimi orqali kelib tushgan materiallar hamda “E-ma'muriy ish” uchun zarur ma’lumotlar to‘plami Qo‘mitaning hududiy boshqarmasi (bo‘limi) mas’ul xodimi tomonidan 3 ish kuni mobaynida joyiga chiqqan holda ko‘rib chiqiladi.
Mas’ul xodim qonunchilikka muvofiq ma’muriy ish qo‘zg‘atadi, dalillarni rasmiylashtiradi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks talablariga binoan qaror qabul qiladi.
Foto yoki videomateriallarni taqdim etgan shaxs huquqbuzarlik bo‘yicha undirilgan jarimaning Qo‘mitaga o‘tkazilgan qismidan 20 foizi miqdorida pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.
Sherbek Islomov, O‘zA