Frontga safarbar etilgan yurtdoshlarimiz 1 million 951 ming nafarni tashkil etgan
Shu kunlarda yurtimiz bo‘ylab 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan tadbirlar tashkil etilmoqda.
“G‘alaba bog‘ida” “Ikkinchi jahon urushi: yangi tadqiqotlar va tarixiy ma’lumotlar” mavzusida o‘tkazilgan konferensiya shulardan biri bo‘ldi.

Konferensiyada keyingi yillarda olib borilgan ilmiy izlanishlar natijasida urushda ishtirok etgan o‘zbekistonliklar soniga oid yangi ma’lumotlar aniqlangani qayd etildi.
Jumladan, frontga safarbar etilgan yurtdoshlarimiz soni 1 million 951 ming nafarni tashkil etgan. Bu esa o‘sha davrdagi aholining qariyb uchdan bir qismini tashkil etgan.

Urushda halok bo‘lganlar soni 538 mingdan ziyod, bedarak yo‘qolganlar esa 158 ming nafardan ortiq ekani ma’lum bo‘lgan.
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov Ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbekiston xalqining fashizmga qarshi kurashdagi munosib hissasi, jasorati va fidoyiligi alohida e’tirofga munosib ekanini qayd etdi. Urush qurbonlari xotirasiga hurmat bajo keltirish har bir avlodning muqaddas burchi ekanini ta’kidladi.

So‘zga chiqqanlar urush yillarida xalqimizning front ortidagi mehnatini ham alohida tilga oldi. O‘zbekiston front uchun muhim tayanch bazaga aylanib, harbiy texnika, qurol-yarog‘, oziq-ovqat va boshqa zarur mahsulotlar bilan ta’minlashda katta hissa qo‘shgan. Shuningdek, respublika hududiga ko‘chirilgan korxonalar va evakuatsiya qilingan aholiga ko‘rsatilgan insonparvarlik yordami yuksak baholandi.
Konferensiya doirasida urush qatnashchilari va front orti mehnat faxriylarining jasoratini abadiylashtirish, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, tarixiy xotirani asrash masalalari muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, Prezident tashabbusi bilan barpo etilgan “G‘alaba bog‘i” va amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar bu yo‘nalishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tarixiy xotirani asrash, qahramonlar jasoratini ulug‘lash va tinchlikning qadriga yetish bugungi va kelgusi avlodlar oldidagi muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

Tadbir doirasida, shuningdek, Italiyada nashr qilingan “IL Contributo del popolo Dell’ Uzbekistan alla vittoria nella seconda guerra mondiale” (O‘zbekiston xalqining Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga qo‘shgan hissasi) kitob-albomining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Ikkinchi jahon urushi tarixi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni yanada kengaytirish, arxiv materiallarini chuqur o‘rganish hamda jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
N.Abduraimova, O‘zA