Samarqand viloyatida mashinasozlik sanoati rivojlantiriladi
“Samarqand viloyatida mashinasozlik sanoatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Quyidagilar mazkur qarorning asosiy maqsadlari etib belgilandi, jumladan:
– Samarqand viloyatida mashinasozlik klasterini rivojlantirish, viloyat sanoatida mashinasozlik tarmog‘ining ulushini 2030-yilgacha 15 foizga, sanoatda qo‘shilgan qiymat ulushini 40 foizga yetkazish;
– mazkur qarorga muvofiq tashkil etiladigan mashinasozlik sanoat zonasida yillik 10 ming dona tijorat transport vositalari (yuk avtomobillari, avtobus, mikroavtobus, pikap va maxsus transport vositalari, shu jumladan, elektrda harakatlanuvchi) ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish.
Qarorga ko‘ra, Kattaqo‘rg‘on tumani hududining 100 gektar yer maydonida Mashinasozlik sanoat zonasi tashkil etiladi.
Mashinasozlik sanoat zonasi ishtirokchilari sifatida faqat N, M2, M3, O va L toifaga kiruvchi transport vositalari hamda ular uchun ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar ishlab chiqarishni tashkil etuvchi korxonalar ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Mashinasozlik sanoat zonasining faoliyati “Samarqand viloyati sanoat zonalarini boshqarish direksiyasi” davlat muassasasi tomonidan boshqariladi.
O‘zA