“RoboCoding”chi yoshlar saralandi
Urganchda “RoboCoding” olimpiadasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Musobaqada Xorazm viloyatining barcha tuman va shaharlaridan yig‘ilgan o‘quvchilar robototexnika va dasturlash yo‘nalishlarida o‘z bilim, ko‘nikma va ijodiy yondashuvlarini namoyon etdi.

“RoboCoding” olimpiadasining viloyat bosqichi haqiqiy innovatsion g‘oyalar bellashuviga sabab bo‘ldi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, ixtisoslashtirilgan maktablarning 5-8 sinflari o‘rtasida Al-Xorazmiy ixtisoslashtirilgan maktab Urganch filiali, 9-11 sinf o‘quvchilaridan iborat jamoalar orasida Qo‘shko‘pir tuman ixtisoslashtirilgan maktabi g‘olib deb topildi.

Umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘rtasida 5-8 sinflarda Yangibozor tumani 6-sonli umumta’lim maktabi jamoasi, 9-11 sinflar orasida esa Urganch tumanidagi “DATA” nodavlat ta’lim maktabi jamoasiga teng keladigani topilmadi.

Endilikda ushbu jamoalar musobaqaning respublika bosqichida Xorazm viloyati sha’nini himoya qiladi.
G‘olib va sovrindor jamoalar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA muxbiri