Iqtidor, intilish va imkoniyat
Qarshi davlat texnika universitetida “Yosh muhandis” kosmik robototexnika bo‘yicha respublika musobaqasining hududiy bosqichi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur tanlovda Buxoro, Samarqand, Surxondaryo hamda Qashqadaryo viloyatlaridan kelgan iqtidorli yoshlar ishtirok etdi. Ular muhandislik, robototexnika va dasturiy yechimlar sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini namoyon etdi.
– Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda kosmonavtika sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi universitet prorektori G‘ulom Uzoqov. – Shu nuqtai nazardan yoshlarning mazkur yo‘nalishdagi iqtidorini aniqlash, iste’dodlarni saralab olish maqsadida turli tanlovlar o‘tkazilmoqda. Bugungi bellashuv ham ko‘plab yangi iqtidorlarni kashf etishga xizmat qildi. Shuningdek, yoshlarning o‘zaro tajriba almashishi, yangi startap g‘oyalar ustida ish olib borishi uchun keng imkoniyat yaratdi.
[gallery-28777]
Bellashuvda maktab o‘quvchilari, oliy ta’lim muassasalari talabalari hamda 25 yoshgacha bo‘lgan yosh olimlar yakka tartibda yoki jamoaviy tarzda ishtirok etdi.
Musobaqa doirasida ishtirokchilar tomonidan robototexnikaga oid loyihalar, muhandislik ishlanmalari va dasturiy yechimlar taqdim etildi. Har bir ishtirokchi tajribali mutaxassislar hay’ati oldida o‘z loyihasini himoya qilib, uning yangiligi va amaliy ahamiyatini asoslab berdi.
Yakunlarga ko‘ra, 22 nafar ishtirokchi tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanma oldi. Qarshi davlat texnika universitetining “Innovatorlar” jamoasi musobaqa g‘olibi deb topildi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbirlari