Samarqand barcha sohada namuna bo‘lishi zarur
Tashrifdan tashrifgacha
Davlatimiz rahbari bu fikrni o‘tgan yil 25-noyabr kuni viloyatga tashrifi chog‘ida Urgutda o‘tkazilgan yig‘ilishda alohida qayd etgandi.
Aslida Prezidentimizning hududlarga amalga oshiradigan tashriflari joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan yaqindan tanishish, bu jarayonda yuzaga kelayotgan masalalarni joyida hal etish va kelgusi rejalarni belgilab olish, aholi bilan yuzma-yuz muloqot qilish uchun qulay fursat hisoblanadi. Urgutdagi yig‘ilishda ham viloyatning har bir tuman va shahridagi ishlarga e’tibor qaratilib, hududlar rahbarlarining hisobotlari eshitilgandi, rejalar belgilab olingandi.
[gallery-28206]
Belgilangan vazifalar ijrosi doirasida o‘tgan davr mobaynida muayyan ishlar amalga oshirildi. 2025-yil yakuni bilan viloyatning yalpi hududiy mahsulot ishlab chiqarish hajmi 121,5 trillion so‘mni tashkil etdi. 2,5 milliard AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiya jalb qilinib, 1 milliard 151 million dollarlik mahsulot eksport qilindi.
“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi asosida 101 ta mahalla obod qilindi. 14,2 ming oilaga 32,1 milliard so‘m imtiyozli kreditlar ajratish, bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka o‘rgatish orqali 239,4 ming nafar oila a’zolari kambag‘allikdan chiqarildi. O‘tgan yil boshida viloyatda kambag‘allik darajasi 7,5 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bu yil boshida bu raqam 3,6 foiz bo‘lib turibdi. Yil yakuniga qadar kambag‘allik darajasini 2 foizga tushirish maqsad qilingan.
O‘tgan yil viloyatda davlat dasturlari asosida 936 ta ob’ekt yangidan barpo etildi. 12,9 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar qurib foydalanishga topshirildi. Uzoq vaqt e’tibordan chetda qolgan Samarqand shahrining temiryo‘l orti hududida renovasiya dasturi asosida amaliy ishlar boshlandi. Bu yerda 301 gektar maydonda yuz ming aholi uchun 31 mingta xonadon, shuningdek, zamonaviy loyihalar asosida maktab, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, oliy ta’lim muassasasi, sport sog‘lomlashtirish maskanlari, ko‘p qavatli avtoturargohlar, madaniyat va istirohat bog‘lari, ekobozor, savdo va ko‘ngilochar markazlar barpo etiladi.
Shaharning “Shirin” massivida ham bugun aholi turarjoylari, korxona va tashkilotlar uchun binolar qurilishi boshlandi. Ayni paytda ushbu massivni shahar markazi bilan bog‘lash uchun Qoradaryo ustidan 577 metrli ko‘prik qurilmoqda va uni yil yakuniga qadar foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Abu-Dabi taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida Samarqand shahrida suv ta’minoti tizimlari va yo‘l tarmoqlarini modernizatsiya qilish loyihasi bo‘yicha umumiy qiymati 225 million AQSH dollariga teng qurilish-pudrat ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur loyiha asosida ikkita tunnel, to‘rtta piyodalar yer osti o‘tish yo‘li qurildi. 12 kilometr oqova tizimi va yana shuncha masofada ichimlik suvi tarmoqlari yangilandi. 12 kilometr magistral yo‘l qurilishi davom etmoqda. 22 kilometr piyodalar yo‘laklari qurildi.
Samarqand shahrining 20 yildan buyon isitish tizimi bo‘lmagan Sartepa, So‘g‘diyona, Mikrorayon “A”, “B” hududlari, temiryo‘l atrofidagi ko‘p qavatli uylarni markazlashgan tizimga ulash bo‘yicha ishlarning birinchi bosqichi yakunlanib, 93 ta uyga issiqlik ta’minoti va issiq suv yetkazib berish imkoniyati yaratildi.
O‘zbekiston ko‘chasidagi sobiq harbiy gospital o‘rnida istirohat bog‘i barpo etildi. Imom Buxoriy majmuasi va Mahdumi A’zam ziyoratgohlarida qurilish-obodonlashtirish ishlari yakuniga yetkazilib, ziyoratchilar uchun har tomonlama qulay sharoit yaratildi. Davlatimiz rahbarining qarori asosida ayni paytda Samarqand shahridagi Imom Moturidiy majmuasi qaytadan bunyod etilmoqda.
Prezidentimiz o‘tgan yilgi tashrifi chog‘ida Urgut tumani markaziga “Yangi O‘zbekiston” qiyofasini olib kirib, uni yurtimizdagi eng zamonaviy va ko‘rkam shaharlardan biriga aylantirish bo‘yicha alohida qaror imzolaganini aytgandi. Ushbu qaror asosida tumanning Quyi Kamangaron mahallasidagi “Yangi O‘zbekiston” massiviga tutash hududdan 90 gektar qo‘shimcha joy ajratilib, zamonaviy urbanistika asosida 100 ming aholiga mo‘ljallangan zamonaviy eko-shahar barpo etishga kirishildi. Bu yerda 3 gektar maydonda tumanning 35 ta tashkiloti uchun yagona ma’muriy markaz quriladi.
O‘tgan yil 27-dekabr kuni davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish to‘g‘risida”gi qaror asosida ayni paytda barcha tuman va shaharlarda belgilangan vazifalar ijroga qaratilgan. Bunda har bir tuman (shahar) ixtisoslashuvi, geografik joylashuvi, tabiiy xomashyo va yer resurslari hamda infratuzilmaviy imkoniyatlaridan kelib chiqib, qiyosiy ustunligi asosida “namunali va metodik” hududga aylantirilmoqda.
Xususan, Urgut tumanidagi Jartepa chegara bojxona postiga tutash hududda 10 gektar maydonda “Jartepa” erkin savdo zonasi tashkil etilmoqda. Bulung‘ur tumani G‘o‘bdin massividagi 100 gektar yer maydoni “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi tarkibiga o‘tkazilib, bu yerda yuqori qo‘shilgan qiymatli, eksportga yo‘naltirilgan loyihalar joylashtirilishi, Narpay tumanidagi “Zirabuloq” temir yo‘l stansiyasi atrofida joylashgan bo‘sh turgan bino va inshootlar negizida xalqaro tajriba asosida xususiy sektor tomonidan boshqariladigan sanoat zonasini tashkil etish ishlari olib borilmoqda.
O‘tgan yil viloyatga 5,3 million mahalliy va 3 milliondan ortiq xorijlik sayyoh keldi. Bu 2024-yilga nisbatan 52 foizga ko‘p deganidir. Bunga turizmni keng ommalashtirishga qaratilgan 30 dan ortiq xalqaro festival va madaniy tadbirlar o‘tkazish, yangi turistik yo‘nalishlar tashkil etish orqali erishildi. Joriy yilda turizmni yanada rivojlantirish va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish maqsadida 60 ta yangi investitson loyiha amalga oshiriladi. 8 ta ko‘chani 24/7 tizimida ishlovchi turizm ko‘chasi sifatida tashkil etish rejalashtirilgan. 20 ta yangi mehmonxona, 96 ta mehmon uyi, 38 ta xostel tashkil etiladi. Bu orqali Samarqandga keladigan xorijlik sayyohlar sonini 5 million nafarga, mahalliy sayyohlarni esa 6 million nafarga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Davlatimiz rahbarining Samarqandga bu galgi tashrifi ham viloyatni yanada rivojlantirish, yangi loyihalarni amalga oshirish, hududlar taraqqiyotini jadallashtirish va, eng muhimi, aholi turmush darajasini oshirishga katta turtki berishi kutilmoqda.
G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari