“Biz sohibqiron avlodlarimiz”: tarix va bilim uyg‘unligi
Buyuk ajdodlarimiz merosini o‘rganish va ularning jahon tamadduni rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini yosh avlod qalbiga singdirish bugungi kunning eng ezgu vazifalaridan biridir. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek: “Amir Temur bobomizning boy va serqirra merosi nafaqat xalqimiz, balki butun insoniyatning bebaho boyligidir. Sohibqiron hayoti va faoliyati — vatanparvarlik, jasorat va adolatning yuksak namunasi bo‘lib, yoshlarimizni mana shu ruhda tarbiyalashimiz lozim”.
Ana shu olijanob maqsad yo‘lida, Sirdaryo viloyatida Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar doirasida “Biz sohibqiron avlodlarimiz” mavzusidagi intellektual o‘yin bo‘lib o‘tdi. Alisher Navoiy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida tashkil etilgan ushbu bellashuv bilim va tafakkur maydoniga aylandi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi viloyat kengashi, “Zakovat” intellektual klubi va Yoshlar ittifoqi hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda ishtirokchi jamoalar Sohibqironning hayoti, davlat boshqaruvidagi dohiyona siyosati va harbiy yurishlariga oid savollar asosida bellashdi. Bunday intellektual bahslar yoshlarning tarixiy merosga bo‘lgan qiziqishini oshirish bilan birga, ularda tezkor fikrlash va jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi.

Murosasiz kechgan bilimlar sinovida ishtirokchilar o‘zlarining tarixiy voqelikdan naqadar xabardor ekanliklarini namoyon etdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, viloyat Ichki ishlar boshqarmasining “IIB” jamoasi birinchi o‘rinni egallab, yuksak tayyorgarligini ko‘rsatdi. Ikkinchi o‘rinni “Milliy gvardiya” jamoasi, uchinchi o‘rinni “Sarbon 9” jamoasi egalladi. G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Sirdaryoda tashkil etilgan mazkur intellektual o‘yin shunchaki musobaqa emas, balki tarix va kelajakni bog‘lovchi ma’naviy ko‘prik vazifasini o‘tadi. Sohibqiron bobomizning: “Kuch — adolatdadir” degan shiori bugungi avlod uchun nafaqat boshqaruvda, balki bilim va tafakkur maydonida ham asosiy mezon bo‘lib xizmat qilmoqda.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri