Samarali muloqotlar
“BMB HOLDING” kompaniyasi va Italiya davlatining O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonasi hamkorligida Apennin yarim orolilik hamkorlardan iborat delegatsiyaning mamlakatimizga uch kunlik tashrifi muvaffaqiyatli o‘tdi.
Delegatsiya a’zolari Orol dengizining ekologik rekonstruksiyasi, suv resurslarini samarali boshqarish, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi, iqlim o‘zgarishiga moslashish kabi dolzarb mavzularda muzokaralar olib bordi.

Bugungi kunda global ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu masalalar yuzasidan fikr almashish va hamkorlik yo‘llarini izlash har ikki tomon uchun ham muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Tashrifning ikkinchi kuni Turin politexnika universitetining Toshkentdagi filiali binosida bo‘lib o‘tgan davra suhbati ikkala tomon uchun ham muhim ahamiyat kasb etdi.

Ushbu muloqotda O‘zbekiston Respublikasining Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi, Qishloq xo‘jaligi, Suv xo‘jaligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklarining yuqori malakali mutaxassislari ishtirok etib, tomonlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar oldi va kelgusidagi hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini belgilab olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Tashrifning so‘nggi kuni Italiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Pergabriyele Papadiya de Bottini janoblari boshchiligidagi Italiyaning biznes va ilmiy doiralari vakillaridan iborat delegatsiya bilan ishchanlik ruhidagi kechki ovqat tashkil etildi. Ushbu uchrashuvning asosiy maqsadi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, xususan, qishloq xo‘jaligi, investitsiya va innovatsion texnologiyalar sohalarida aloqalarni rivojlantirish masalalariga qaratildi.

Shuningdek, muloqot davomida barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, suv resurslarini oqilona boshqarish va agrosanoat yo‘nalishida ilg‘or texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ham muhokama qilindi.
“BMB HOLDING” kompaniyasi tomonidan Jizzax viloyati va boshqa hududlarda amalga oshirilayotgan loyihalarga Italiya sarmoyalarini jalb qilish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.

Shu o‘rinda Italiyaning yetakchi ilmiy tekshirish institutlari bilan hamkorlik o‘rnatish masalasi ham kun tartibidan o‘rin olganini alohida ta’kidlab o‘tish joiz.
Muxtasar qilib aytganda, ushbu tadbir O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash yo‘lida yana bir muhim qadam bo‘ldi.Bir qator yo‘nalishlarda erishilgan kelishuvlar uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli sheriklik uchun mustahkam zamin yaratishga xizmat qiladi.
A.Qayumov,
O‘zA