“O‘zekspomarkaz”: iqtisodiyotning ustuvor yo‘nalishlari yutuqlari taqdim etilmoqda
Iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida amalga oshirilayotgan islohotlar, innovatsion yondashuvlar va sanoatni modernizatsiya qilish jarayonlari bugungi kunda mamlakat taraqqiyotining asosiy omiliga aylanmoqda. Ana shu jarayonlarni yanada jadallashtirish, ilg‘or texnologiyalarni keng joriy etish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashda sohaviy ko‘rgazmalar muhim ahamiyatga ega.
Poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasida iqtisodiyotning bir qator strategik tarmoqlarini qamrab olgan yirik xalqaro sanoat ko‘rgazmalari o‘z ishini boshladi.
“International Expo Group” ko‘rgazmalar kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbir metallurgiya, yo‘l-qurilishi, tog‘-kon sanoati, xavfsizlik hamda kimyo sohalaridagi eng so‘nggi yutuq va ishlanmalarni namoyish etish bilan birga, o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish uchun keng imkoniyat yaratmoqda.
Jumladan, “UzMetalMashExpo - 2026” xalqaro ko‘rgazmasida metallga ishlov berishning zamonaviy texnologiyalari, yuqori aniqlikdagi o‘lchov uskunalari, stanoksozlik va payvandlash uchun zarur butlovchi qismlar hamda xizmatlar taqdim etilmoqda. Shuningdek, induksion eritish va qizdirish tizimlari, turli xil podshipniklar va sanoat komponentlari ham ishtirokchilar e’tiboriga havola qilingan.
[gallery-28601]
“UzTechTransExpo - 2026” ko‘rgazmasida esa maxsus texnika, yo‘l-qurilish va transport sohalariga oid zamonaviy yechimlar namoyish etilmoqda. Unda yangi avlod yo‘l-transport vositalari, sanoat tarozilari, asfalt-beton ishlab chiqarish uskunalari kabi muhim texnik vositalar bilan yaqindan tanishish imkoniyati yaratilgan.
“UzMiningExpo - 2026” xalqaro ko‘rgazmasi tog‘-kon sanoatidagi ilg‘or texnologiyalar va uskunalarni jamlagan muhim platforma sifatida namoyon bo‘lmoqda. Unda mahalliy va xorijiy kompaniyalar tomonidan taqdim etilayotgan kompleks yechimlar, innovatsion ishlanmalar va zamonaviy texnika vositalari sohaning yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.
“UzSecureExpo - 2026” ko‘rgazmasida esa xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan zamonaviy texnologiyalar markaziy o‘rinni egallagan. Yong‘inga qarshi himoya, axborot xavfsizligi va mehnat muhofazasi yo‘nalishlaridagi ilg‘or yechimlar bu yerda keng namoyish etilmoqda.
Shu bilan birga, “UzChemPlastExpo -2026” xalqaro ko‘rgazmasi kimyo va plastmassa sanoatidagi mahsulotlar hamda texnologiyalarni bir joyga jamlagan. Unda maishiy kimyo mahsulotlari, lak-bo‘yoq materiallari, kukunli qoplamalar va boshqa turdagi sanoat mahsulotlari taqdim etilmoqda.
Qayd etish joiz, mazkur xalqaro ko‘rgazmalar 9-aprelga qadar davom etadi va ular sohalar o‘rtasida tajriba almashish, yangi investitsiya loyihalarini shakllantirish hamda ishlab chiqarish samaradorligini oshirish imkoniyatini yaratadi.
Nasiba Ziyodullayeva, Sarvar O‘rmonov (surat), O‘zA