Bug‘-gaz va kogeneratsiya texnologiyalarini joriy etish: tahlil va tajriba
Toshkentda “O‘zbekiston energetikasida bug‘-gaz va kogeneratsiya texnologiyalarining ahamiyati: issiqlik energetikasini rivojlantirishning dolzarb muammolari va istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Mas’ullar, olimlar va mutaxassislar ishtirok etgan tadbirda mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan islohotlar, ilmiy va amaliy ishlar tahlil etildi.
Qayd etilganidek, issiqlik energetikasini modernizatsiya qilish, energiya samaradorligini oshirish hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish mamlakat energetika tizimini barqaror rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi.
“Toshkent issiqlik markazi” MCHJ direktori Bekzod Bo‘ronboyev tomonidan taqdim etilgan ma’ruza ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. U o‘z chiqishida markazlashgan issiqlik ta’minoti tizimini zamonaviy talablar asosida qayta ko‘rib chiqish va uning samaradorligini oshirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdi.
– Bugungi kunda markazlashgan issiqlik ta’minoti tizimi o‘zining eski modelidan voz kechib, barqaror va samarali energetika tizimiga aylanishi shart. Bu nafaqat energiya tejamkorligini ta’minlaydi, balki aholi uchun xizmatlar sifatini ham sezilarli darajada oshiradi. Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida markazlashgan issiqlik ta’minoti tizimi bosqichma-bosqich transformatsiya qilinmoqda. Xususan, kogeneratsiya texnologiyalarini joriy etish natijasida bir vaqtning o‘zida elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarish imkoniyatlari kengaymoqda. Bu esa yoqilg‘i sarfini qisqartirish va umumiy samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi. Biz uchun eng muhim vazifalardan biri esa energiya samaradorligini oshirish va zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish. Shu maqsadda investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda va infratuzilma bosqichma-bosqich yangilanmoqda, – dedi u.
Shuningdek, tadbirda istiqbolli yo‘nalishlar sifatida issiqlik nasoslarini joriy etish, trigeneratsiya tizimlarini rivojlantirish, nasos uskunalarini modernizatsiya qilish kabi vazifalarga ham alohida e’tibor qaratildi.
Anjuman yakunida sohadagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish, yangi texnologiyalarni joriy etish va hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha galdagi vazifalar belgilab olindi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA