Reyting orqali raqobat: endi kuchli texnikumlar aniqlanadi
Zamonaviy mehnat bozori talablari ta’lim tizimi oldiga tobora yuqori talablar qo‘ymoqda. Ayniqsa, o‘rta maxsus va kasbiy ta’lim muassasalari faoliyatini samarali tashkil etish, ularning raqobatbardoshligini oshirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biriga aylandi.
Shu maqsadda texnikumlar va akademik litseylar faoliyatini yanada takomillashtirish, ta’lim sifatini oshirish hamda raqobat muhitini kuchaytirishga qaratilgan yangi tartib joriy etildi. Endi ushbu ta’lim muassasalari uchun milliy reyting tizimi amal qiladi.
Joriy yil 15-aprelda Adliya vazirligi tomonidan “O‘rta maxsus va kasbiy ta’lim tashkilotlarining milliy reytingini yuritish va kasbiy ta’lim tashkilotlarini rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida”gi idoraviy hujjat davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Yangi tartibga ko‘ra, texnikumlar va akademik litseylarning milliy reytinglari Ta’lim sifatini ta’minlash agentligi tomonidan alohida shakllantiriladi va yuritiladi. Reyting natijalari bir nechta manbalar asosida shakllantiriladi. Jumladan, vazirlik va idoralarning axborot tizimlaridagi ma’lumotlar, ta’lim muassasalarining o‘zi tomonidan taqdim etilgan hujjatlar hamda umummilliy so‘rovnoma natijalari inobatga olinadi.
Shuningdek, har yili 30-mayga qadar o‘quvchilar, pedagoglar va ish beruvchilar o‘rtasida umummilliy so‘rovnoma o‘tkazilishi belgilangan. Ushbu jarayon ta’lim sifatiga xolis baho berishga xizmat qiladi.
Milliy reyting natijalari esa har yili 10-oktabrga qadar e’lon qilinadi. Eng muhim jihatlardan biri — reytingda yuqori natija ko‘rsatgan ta’lim muassasalarini rag‘batlantirish tizimi. Xususan, TOP-50 talikka kirgan texnikumlar bazaviy hisoblash miqdorining 3000 baravarigacha pul mablag‘i bilan taqdirlanishi mumkin.
Ajratilgan mablag‘lar aniq maqsadlar asosida yo‘naltiriladi: uning 80 foizi moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, 20 foizi esa rahbar va xodimlarni moddiy rag‘batlantirishga sarflanadi.
Mazkur yangiliklar ta’lim muassasalari o‘rtasida sog‘lom raqobatni kuchaytirish, o‘quv jarayoni sifatini oshirish va mehnat bozori talablariga mos malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA