Ichki ishlar vaziri maktablarda xavfsizlikni ta’minlashga e’tibor qaratdi
Dunyo miqyosida ta’lim muassasalariga nisbatan turli xavf-xatarlar yuzaga kelayotgani jamoatchilikni jiddiy tashvishga solmoqda. Ayniqsa, maktablar xavfsizligini ta’minlash masalasi bugungi kunda dolzarb ahamiyatga ega.
Davlatimiz rahbarining “Xavfsiz maktab” tizimini joriy etish bo‘yicha topshiriqlarining ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar sarhisobi bo‘yicha Toshkent shahrida muhim yig‘ilish tashkil etildi.
Unda ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Toshpo‘latov, huquqni muhofaza qilish organlari vakillari, Toshkent shahri ta’lim muassasalari rahbarlari, maktab direktorlari hamda ularda xavfsizligini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan mutasaddilar ishtirok etdi.

Tadbirda ta’lim muassasalarida xavfsizlikni kuchaytirish, o‘quvchilar va o‘qituvchilarning favqulodda vaziyatlarda hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Poytaxtimizda 326 davlat maktabining barchasida xavfsizlik tizimlari kuchaytirilib, bosqichma-bosqich qo‘riqlash tizimiga olinmoqda. Shu bilan birga, yuzdan ortiq xususiy maktab va yana ko‘plab o‘quv markazlaridagi mavjud xavfsizlik tizimlari tahlil qilinib, ularni yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, kirish-chiqish nazoratini kuchaytirish, videokuzatuv tizimlarini kengaytirish, qo‘riqlash xizmatlari samaradorligini oshirish va favqulodda holatlarda tezkor harakat qilish mexanizmlarini joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ta’kidlash joizki, hozirda ta’lim muassasalarida xizmat olib borayotgan qorovullar uchun mutlaqo yangicha yondashuv asosida maxsus o‘quv tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar, sog‘liqni saqlash hamda ta’lim sohasi mutaxassislari hamkorligida tashkil etilgan bepul, amaliy va intensiv o‘quv kurslari orqali kasbiy mahorati tubdan oshirilmoqda.

Amaliy mashg‘ulotlarda esa yong‘in va favqulodda holatlar modellashtirilib, ekstremal sharoitlarda vaziyatni nazorat qilish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, maktablar atrofida harakat xavfsizligini ta’minlash va bosim ostida ham to‘g‘ri harakat qilish qobiliyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ichki ishlar vaziri tomonidan maktablarda favqulodda hamda texnogen holatlarga tayyorgarlik bo‘yicha o‘quv amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazish, inspektor psixologlar faoliyati, o‘quvchilarning darslardagi doimiy ishtirokini ta’minlash, maktablarda xavfsizlikni raqamlashgan tarzda tashkil etish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.
O‘quvchilar o‘rtasida xavfsizlik madaniyatini shakllantirish, ularni turli tahdidlarga nisbatan hushyorlikka o‘rgatish muhimligi ta’kidlandi. Bu borada profilaktik suhbatlar, amaliy mashg‘ulotlar va tushuntirish ishlarini muntazam o‘tkazish zarurligi qayd etildi.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan ta’lim muassasalari rahbarlari ham “Xavfsiz maktab” tizimini joriy etish, ta’lim dargohlari uchun ham g‘oyat muhim vazifa ekani va bu borada hamkorlikni mustahkam davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi.
Toshkent shahrida shakllantirilayotgan “Xavfsiz maktab” konsepsiyasi bosqichma-bosqich mamlakatimizning barcha hududlarida joriy etilishi rejalashtirilgan.
Ayni vaqtda davlatimiz rahbari tomonidan poytaxt tajribasini joriy etish bo‘yicha belgilab berilgan topshiriqlari ijrosi doirasida Toshkent shahri miqyosida Qo‘riqlash bo‘linmalarining tezkor harakatlanuvchi guruhlari, qo‘riqlovga olingan ob’ektlardan kelib tushgan tashvish signallaridan so‘ng 3-5 daqiqada chaqiruv manziliga yetib borish imkoniyati yaratildi.
Ichki ishlar vaziri tomonidan bu borada olib borilayotgan ishlarni yanada jadallashtirish, ayniqsa maktablarda xavfsizlikni ta’minlashga e’tibor qaratish bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Prezidentimizning ichki ishlar organlari tizimi moddiy texnika bazasini yanada mustahkamlash borasidagi e’tibori natijasida taqdim etilgan 50 ta yangi xizmat avtomobili IIV huzuridagi Qo‘riqlash departamentining tezkor harakatlanuvchi guruhlariga tantanali ravishda topshirildi.
N.Abduraimova,
O‘zA