O‘zbekiston va Polsha iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda Polsha moliya va iqtisodiyot vaziri Andjey Domanski o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon banki guruhining 2026-yilgi bahorgi yig‘ilishlari doirasida tashkil etilgan ushbu muloqotda O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari atroflicha muhokama qilindi. Xususan, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar hududiy rivojlanish sohasida Polsha tajribasini o‘rganish va uni samarali joriy etish muhimligini ta’kidladi. Ayniqsa, markazlashuvni kamaytirish, hududlarning iqtisodiy salohiyatini oshirish, sanoat zonalari hamda iqtisodiy klasterlarni rivojlantirish yo‘nalishlarida hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, infratuzilmaga asoslangan iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlarini takomillashtirish va hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy tafovutlarni qisqartirish borasida o‘zaro tajriba almashish yuzasidan fikrlar bildirildi.
Muzokaralar chog‘ida savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish, investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlash, sanoat, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi hamda boshqa ustuvor tarmoqlarda o‘zaro manfaatli sheriklikni kuchaytirish zarurligi ham qayd etildi.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, amaliy natijalarga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish va o‘zaro aloqalarni yanada faollashtirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA