Raqamli dunyoda diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik mavzusi muhokama qilindi
Mamlakatimizda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu masala Yangi O‘zbekistonning mustahkam poydevori ekanligini doim ta’kidlaydi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qabul qilingan “O‘zbekiston-2030” strategiyasida ham jamiyatda bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlash, yoshlarni yot g‘oyalar ta’siridan asrash, axborot xavfsizligini ta’minlash hamda aholining media savodxonligini oshirish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.
Shuningdek, mamlakatimizda qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun, millatlararo munosabatlarni rivojlantirishga oid farmon va qarorlar, ekstremizmga qarshi kurash sohasidagi davlat dasturlari hamda raqamli texnologiya va axborot xavfsizligiga oid me’yoriy-huquqiy hujjatlar mazkur sohada olib borilayotgan izchil davlat siyosatining mustahkam huquqiy asosini yaratgan.
Respublikamiz tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasi dunyoda bag‘rikenglik madaniyatini qaror toptirishga xizmat qilayotgan muhim xalqaro hujjat sifatida e’tirof etilgan.
Shu bois, globallashuv va raqamli texnologiya jadal rivojlanishi sharoitida axborot makoni jamiyatning barcha sohalari, xususan millatlararo munosabatlar va diniy hayotga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Internet, ijtimoiy tarmoq va raqamli kommunikatsiya vositalari insonlar o‘rtasida o‘zaro muloqotni kengaytirish bilan birga, ayrim hollarda diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikka tahdid soluvchi g‘oyalar, yolg‘on axborot va radikal qarashlarni tarqatish maydoniga ham aylanmoqda. Raqamli dunyo sharoitida diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni ta’minlash masalasi alohida ilmiy-amaliy ahamiyat kasb etmoqda.
Raqamli transformatsiya sharoitida ayni dolzarb masalalarni muhokama qilish, ilmiy yondashuv va amaliy takliflar ishlab chiqish, davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar, diniy konfessiyalar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ekspertlar o‘rtasida samarali muloqot o‘rnatish maqsadida bugun O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi tomonidan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Konrad Adenauer jamg‘armasi Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi hamda Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita hamkorligida “Raqamli dunyoda diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikning dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Anjumanda Oliy Majlis deputatlari, xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijiy ekspertlar, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, diniy konfessiyalar rahbarlari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda yoshlar tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni ochib bergan Markaz direktori Qobiljon Sobirov raqamli diplomatiyaning zamonaviy ahamiyatiga to‘xtalib, jumladan shunday dedi:
– Bugun raqamli makon nafaqat axborot almashish vositasi, balki inson ongi, qarashi va qadriyati shakllanadigan muhim maydonga aylandi. Xalq diplomatiyasi raqamli diplomatiya bilan uyg‘unlashgan holda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlashning samarali vositasiga aylanmoqda.
Konrad Adenauer jamg‘armasi mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Andre Algermissen “Barqaror jamiyat qurishda raqamli texnologiya inson qadr-qimmati, demokratiya va bag‘rikenglik tamoyili bilan uyg‘un rivojlanishi zarur”, deya ta’kidladi.
Jamg‘arma bosh kotibi Mark Shpayx esa xalqaro hamkorlikning ahamiyatiga alohida urg‘u berdi:
– Raqamli davrda inson huquqi, diniy bag‘rikenglik va demokratik qadriyatni mustahkamlash sohasida tajriba almashuvini yanada kengaytirish muhim.
Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari G‘anisher Ermatov ishtirokchilarni mazkur o‘ta muhim va dolzarb masalalarni hal etishda birlashishga chaqirdi:
– Mamlakat barqarorligi va izchil taraqqiyotining muhim kafolati sifatida millatlararo totuvlikni raqamli muhitda ham asrash va mustahkamlash barchamizning umumiy vazifamizdir.
Tadbirda ishtirok etgan Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Ayubxon Sultonov o‘z so‘zida “Raqamli platformalar jamiyatni birlashtiruvchi samarali vositaga aylanishi uchun ishonchli va xavfsiz axborot muhitini shakllantirish lozim”, dedi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi raisi Nodir Jumayev ham video murojaatida mavzuning dolzarbligini alohida ta’kidladi:
– Raqamli texnologiya davlat va jamiyat o‘rtasida ochiqlik, shaffoflik va o‘zaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qilishi kerak. Axborot makonida mas’uliyatli muloqot madaniyatini shakllantirish bugungi kunning muhim vazifasidir.
Yalpi majlisda raqamli kommunikatsiya, davlat boshqaruvi, diniy bag‘rikenglik, madaniyatlar aro muloqot, media savodxonlik, axborot xavfsizligi hamda yoshlar siyosatiga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi.
Imom Buxoriy nomli Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘ofurov Markaziy Osiyo xalqlarini azaldan o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik va yaxshi qo‘shnichilik an’analari birlashtirib turishi, mazkur boy merosni zamonaviy raqamli vositalar orqali yosh avlod ongiga yetkazish barqaror taraqqiyotning muhim sharti ekanini qayd etdi.
Rus pravoslav cherkovi Toshkent va O‘zbekiston yeparxiyasi rahbari Mitropolit Vikentiy dinlararo muloqot umuminsoniy qadriyatlarga asoslanishi, raqamli makon esa o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik va hamjihatlik g‘oyalarini keng targ‘ib qilishga xizmat qilishi zarurligiga e’tibor qaratdi.
“Digital Generation Uzbekistan” nodavlat notijorat tashkiloti direktori Azamat Jalolov yoshlar xavfsiz va mas’uliyatli raqamli muhitni shakllantirishda hal qiluvchi kuch ekani, ularda tanqidiy fikrlash va media savodxonlik ko‘nikmasini rivojlantirish beqiyos ahamiyat kasb etishini eslatib o‘tdi.
“Ziyo forum” jamg‘armasi Yoshlar markazi rahbari Sirojiddin Bozorov esa yoshlarning raqamli savodxonligini yuksaltirish, ishonchli axborotni saralash va tahlil qilish ko‘nikmasini shakllantirish ekstremistik g‘oyalarga qarshi eng samarali ma’rifiy choralardan biri ekanini ta’kidladi.
Konferensiya yakunida ishtirokchilar raqamli makonda diniy bag‘rikenglik va millatlar aro totuvlikni mustahkamlash, ekstremizm va radikalizm profilaktikasi, media savodxonlikni rivojlantirish, yoshlarda axborot madaniyatini yuksaltirish hamda davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari hamkorligi ko‘lamini yanada kengaytirishga qaratilgan taklif, tavsiyalarni ilgari surdilar.
Ta’kidlanganidek, mazkur konferensiya Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash, millatlar aro totuvlik va diniy bag‘rikenglikni yanada mustahkamlash, raqamli makonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash hamda xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiluvchi muhim ilmiy-amaliy muloqot maydoni sifatida namoyon bo‘ldi.
O‘zbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi matbuot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi.
G‘.Xonnazarov, O‘zA