Chustda “O‘zbek palovi madaniyati” kunlari va osh chempionati o‘tkazildi
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Chust tumanida 65-xalqaro Gullar festivali dasturi doirasida an’anaviy “O‘zbek palovi madaniyati” kunlari hamda osh chempionati tashkil etildi.
Mavlono Lutfulloh nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i nafaqat hordiq chiqaruvchilar, balki “Osh chempionati”ni tomosha qilish uchun uzoq-yaqindan kelgan mehmonlar bilan yanada gavjum bo‘ldi.
Tumandagi mahallalar, tashkilot va muassasalardan 20 dan ortiq havaskor oshpaz belgilangan maydonda qozon osib, palov tayyorlash bo‘yicha o‘z mahoratini namoyish etdi.
[gallery-30316]
Tadbirning e’tiborli jihatlaridan biri — Adliya vazirligi tomonidan “Chust oshi” geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani haqidagi sertifikatning topshirilishi bo‘ldi.
Ta’kidlash joiz, “Chust oshi”ga geografik ko‘rsatkich maqomining berilishi uning nomi va an’anaviy tayyorlash texnologiyasini huquqiy jihatdan himoya qiladi. Shuningdek, mazkur maqom mahsulot sifati oziq-ovqat mahsulotlari uchun belgilangan davlat me’yorlariga muvofiqligini kafolatlaydi hamda hududning gastronomik brendini xalqaro miqyosda targ‘ib etish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Tanlov davomida tayyorlangan palovlar ta’mi, bezatilishi va boshqa xususiyatlariga ko‘ra baholanib, oshpazlar munosib rag‘batlantirildi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA