Qo‘riqlash xizmati faoliyatida zamonaviy yondashuv
Navoiy viloyati IIB huzuridagi Qo‘riqlash xizmatida “Qo‘riqlash xizmati faoliyatida zamonaviy yondashuvlar va xavfsizlikni ta’minlashning dolzarb masalalari” mavzusida press-tur hamda matbuot anjumani tashkil etildi.
Tadbirda viloyat IIB boshlig‘i, uning o‘rinbosarlari, sohaviy xizmat rahbarlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar va blogerlar ishtirok etdi.

Qayd etilganidek, davlatimiz rahbarining 2025-yil 28-noyabrdagi “Ichki ishlar organlarining qo‘riqlash sohasidagi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qo‘riqlash bosh boshqarmasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qo‘riqlash departamenti sifatida qayta tashkil etildi.
Press-tur davomida viloyat IIB boshlig‘i Azat Tasbayev, Qo‘riqlash xizmati boshlig‘i Akmal Tursunov va boshqa mutasaddilar tomonidan sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, zamonaviy qurilmalar, maxsus vositalar hamda jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Tadbir doirasida tashkil etilgan ko‘rgazmada Qo‘riqlash xizmatida qo‘llanilayotgan texnik vositalar, qo‘riqlov uskunalari va ularning vazifalari namoyish etildi. Shuningdek, xodimlarning jismoniy-jangovar tayyorgarligi hamda kinologlar xizmat itlari bilan birgalikdagi ko‘rgazmali chiqishlari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Press-tur ishtirokchilari Monitoring markazida bo‘lib, hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, ayni paytda Qo‘riqlash xizmati monitoring markazlari tomonidan 6411 ta ob’ekt, 4396 ta yakka tartibdagi xonadon hamda “Navoiy tajribasi” asosida 793 ta ko‘p qavatli uylarning kirish yo‘laklari “tashvish tugma”lari bilan jihozlangan.

– Hozirda viloyatda 25 ta tezkor harakatlanuvchi guruhlar xizmati yo‘lga quyilgan, – deydi Qo‘riqlash xizmati boshlig‘i Akmal Tursunov. – Ular tunu kun faoliyat olib boradi. Foydalanib kelinayotgan 20 ta avtotransportning ichki va old qismini tasvirga oluvchi avtoregistrator, xizmat olib boruvchi xodimlar bodikamera va android planshetlar bilan ta’minlangan. Ushbu qo‘riqda bo‘lgan ob’ekt va xonadonlardan kelib tushgan tashvish xabarlari hamda tungi patrullik davomida 496 ta har xil turdagi holatlarning oldi olingan.

Bundan tashqari, “regoxrana.uz”, “admin.reoxrana.uz”, “e-murojaat.uz” va “e-hisobot” axborot tizimlari samarali qo‘llanilmoqda. Barcha kuzatuv kameralari “IVMS” dasturiga integratsiya qilingan.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
A.Bo‘riyev, O‘zA