Qurilishdagi islohotlar Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining amaliy ifodasidir
So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar barcha sohalar qatori qurilish tarmog‘ini ham tubdan yangilashga xizmat qilmoqda. Navoiy viloyatida ham hududlarni kompleks rivojlantirish, aholi uchun munosib yashash sharoitlarini yaratish va zamonaviy shaharsozlik standartlarini joriy etish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda.
Raqamlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, viloyatda qurilish-pudrat ishlari hajmi izchil o‘sib bormoqda. 2023-yilda 10,6 trillion so‘mlik qurilish-pudrat ishlari bajarilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2024-yilda 14,2 trillion so‘mga, 2025-yilda esa 16,2 trillion so‘mga yetgan. Joriy yilda esa 18,1 trillion so‘mlik reja belgilangani esa islohotlar samarasi izchil davom etayotganini anglatadi.

Bugungi islohotlarning muhim jihati – moliyalashtirish manbalarining kengayganidir. Investitsiya dasturlari, tashabbusli byudjet, mahalliy byudjet hamda xalqaro moliya institutlari ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar hududlarni rivojlantirishda yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Bu esa “davlat – jamiyat – investor” hamkorligining amaldagi samarali modelini shakllantirmoqda.
– Qurilish sohasida olib borilayotgan islohotlar, avvalo, inson manfaatlariga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir, – deydi viloyat hokimining qurilish, to‘siqlarsiz muhit yaratish, kommunikasiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Akbar Niyozov. – Ta’kidlash o‘rinliki, o‘tgan yilning o‘zida 6 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilgani, 11,5 ming nafardan ziyod aholining ushbu tarmoqda bandligi ta’minlangani buning yaqqol isbotidir. Ishchilarning o‘rtacha ish haqi 8-10 million so‘mni tashkil etayotgani esa aholi daromadlari oshib borayotganini ko‘rsatadi. Joriy yilda esa aholini uy-joy bilan ta’minlash borasida qariyb 6 ming xonadonli 69 ta ko‘p qavatli uy-joylar barpo etilmoqda.

Islohotlar natijasida sohada sifat va raqobat muhiti ham yaxshilanmoqda. Bugungi kunda pudrat tashkilotlarining 61 foizi moliyaviy jihatdan barqarorlashib, reytingga kiritilgan. Bu esa qurilish ishlarining shaffofligi va samaradorligini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Yangi O‘zbekistonning zamonaviy shaharsozlik siyosati Navoiy viloyatida amalga oshirilayotgan yirik loyihalarda o‘z ifodasini topmoqda. Jumladan, “Yangi Navoiy” shaharchasi qurilishi bugungi islohotlarning amaliy namunasidir. Ushbu loyiha doirasida minglab xonadonlar, ta’lim, tibbiyot va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari barpo etilib, aholi uchun mutlaqo yangi yashash muhiti yaratilmoqda.

E’tiborli jihat shundaki, qurilish jarayonlarida “yashil iqtisodiyot” tamoyillari keng joriy etilmoqda. Energiya tejamkor materiallardan foydalanish, mahalliy qurilish mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini oshirish orqali ham iqtisodiy, ham ekologik samaradorlikka erishilmoqda. Viloyatda tashkil etilgan qurilish klasterlari 74 turdagi mahsulot ishlab chiqarayotgani bu boradagi tizimli yondashuvdan dalolat beradi.
Shuningdek, islohotlar infratuzilmani modernizatsiya qilishni ham qamrab olmoqda. Uzoq yillar davomida eskirgan suv ta’minoti, kanalizatsiya va issiqlik tarmoqlarini yangilashga qaratilgan qarorlar aholi turmush sharoitini yaxshilashga xizmat qilmoqda. Bu kabi ishlar nafaqat hozirgi, balki kelajak avlodlar uchun ham barqaror infratuzilma yaratishga zamin yaratadi.
Jumladan, davlatimiz rahbarining 2026-yil 11-fevraldagi “2026-yilda Navoiy viloyatini barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida Navoiy, Zarafshon shaharlari, Uchquduq tumani va Zafarobod qo‘rg‘onlarida bundan 50-60 yil oldin qurilgan 124 km ichimlik suv quvurlari, 204 km kanalizatsiya tarmoqlari, shuningdek, irrigatsiya va sug‘orish tizimlari hamda issiqlik tarmoqlarini 2026-2028-yillar davomida to‘liq modernizatsiya qilish belgilab berildi.
Ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan qurilishlar – maktablar, bog‘chalar, tibbiyot va madaniyat muassasalari islohotlarning inson kapitaliga qaratilganini ko‘rsatadi. Bu esa Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Jumladan, joriy yilgi davlat dasturlari doirasida 53 ta maktab, 14 ta bog‘cha, 22 ta tibbiyot, 11 ta madaniyat va sport muassasalari va boshqa ko‘plab ijtimoiy ob’ektlar barpo etilmoqda.
Bugungi kunda Navoiy viloyatida qurilish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar nafaqat raqamlarda, balki odamlar hayotidagi ijobiy o‘zgarishlarda namoyon bo‘lmoqda. Zamonaviy uy-joylar, rivojlangan infratuzilma, yangi ish o‘rinlari bularning barchasi Yangi O‘zbekiston g‘oyasining hayotdagi amaliy ifodasidir.
A. Bo‘riyev, O‘zA