Qoraqalpog‘istonda pedagoglar malaka sinovlaridan o‘tmoqda
FOTOREPORTAJ
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, joriy yilning yanvar–iyun oylarida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi maktabgacha, umumiy o‘rta hamda maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlari malaka test sinovlaridan o‘tkazilmoqda.
Sinov jarayonlariga 7-aprel kuni start berilgan bo‘lib, ular 4-mayga qadar davom etadi. Belgilangan tartibga ko‘ra, attestatsiya ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda pedagoglarning mutaxassislik fanidan bilimi, ikkinchi bosqichda esa pedagogik mahorati baholanadi. Har ikkala bosqich ham zamonaviy axborot texnologiyalari asosida kompyuter orqali real vaqt rejimida o‘tkazilmoqda. Bu esa jarayonning shaffofligini ta’minlab, inson omili aralashuvini cheklashga xizmat qiladi.
[gallery-28689]
Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham attestatsiya test sinovlari ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida tashkil etilgan.
Joriy yilgi attestatsiyada ishtirok etish uchun hudud bo‘yicha qariyb 19 ming nafar pedagog hujjat topshirgan. Dastlabki sinovlar kimyo fani bo‘yicha o‘tkazilib, unda 570 nafar pedagog o‘z bilim va salohiyatini namoyon etdi.
Attestatsiya yakunlari bo‘yicha elektron shakldagi sertifikatlar pedagoglarning shaxsiy kabinetlariga yuboriladi.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA