Ta’lim sohasida xalqaro aloqalar kengaymoqda
Mamlakatimizda ta’lim sifatini oshirish, yoshlarning xalqaro bilim va ko‘nikmalarini kengaytirish hamda ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish muhim.
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi direktori Sevara Shakirova Buyuk Britaniyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri — University of Warwick vakili Dariya Patini bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqot davomida tomonlar ta’lim sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish hamda istiqbolli yo‘nalishlarni muhokama qildi.
Uchrashuvda agentlik tizimidagi ta’lim muassasalarining faoliyati, erishilgan natijalar va amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berildi. O‘z navbatida, universitet vakili xalqaro talabalar uchun yaratilgan sharoitlar, ta’lim dasturlari va akademik muhit xususida to‘xtalib o‘tdi, deyiladi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi ma’lumotida.

Ma’lum qilinishicha, University of Warwick Buyuk Britaniyaning yetakchi oliy o‘quv yurtlari qatoridan o‘rin olgan bo‘lib, nufuzli Russell Group a’zosi hisoblanadi. Universitet, ayniqsa, biznes, muhandislik va STEM yo‘nalishlarida yuqori salohiyatga ega. Hozirda u yerda 30 mingga yaqin talaba tahsil oladi. Ularning qariyb 10 ming nafari 120 ga yaqin mamlakatlardan kelgan xalqaro talabalar hisoblanadi.
Muzokaralar doirasida qator ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi. Xususan, maktab maslahatchilarining malakasini oshirish, bitiruvchi sinf o‘quvchilarini xorijiy universitetlarga tayyorlash va STEM fanlari o‘qituvchilari uchun zamonaviy o‘quv dasturlari asosida malaka oshirish kurslarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga, uchrashuvda yangi muhandislik maktablari loyihasi doirasida xorijiy professorlarni o‘quv jarayoniga jalb etish masalalari ham muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida mazkur muloqot ikki tomon o‘rtasida mustahkam ta’limiy aloqalarni rivojlantirish, ilg‘or tajribalar almashinuvini kuchaytirish hamda yoshlar uchun xalqaro ta’lim imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
M.Hojiakbarova, O‘zA