IT Park sohasida Farg‘ona tajribasi ommalashadi (+video)
Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatida borgan manzillarining biri Farg‘ona shahridagi IT Park majmuasi edi.
Mazkur majmua davlatimiz rahbarining 2024-yil avgust oyidagi tashrifi davomida berilgan topshiriqlari asosida barpo etilgan. Bir jihatdan bu tanishuv ijro intizomi bilan ham bog‘liqdek ko‘rinadi. 150 milliard so‘m byudjet mablag‘lari hisobiga qurilgan ob’ekt bir vaqtning o‘zida 200 nafargacha foydalanuvchini qamrab oladi. Yiliga 3 mingdan ortiq yoshlarni o‘qitish, ularni amaliy loyihalarga jalb etish va IT xizmatlari ko‘rsatish imkoniyati yaratilgan.

Markazda frilanserlar va dasturchilar uchun zamonaviy kovorking muhiti, rezident kompaniyalar uchun to‘liq jihozlangan ofislar tashkil etilgan. Bu yerda ta’lim, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish jarayonlari o‘zaro bog‘langan holda yo‘lga qo‘yilgan. Yaratilgan infratuzilma yoshlarning o‘zini o‘zi band qilish imkoniyatlarini kengaytirib, barqaror daromad topishiga xizmat qiladi.
– Viloyatimizda eng katta IT markazi qad rostladi. Unda yoshlar uchun IT tadbirkorligini tashkil etishga barcha imkoniyatlar mavjud. Markazning ochilishi viloyat iqtisodiyoti rivojlanishiga katta ta’sir qiladi, –deydi IT Park Farg‘ona filiali bosh menejeri Ilhomjon Boltaboyev. – Prezident bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar. Keyin esa yoshlar bilan samimiy suhbatlashdilar. IT sohasini rivojlantirish, bu borada eksport miqdorini oshirish, yoshlarni uning murakkab tarmoqlariga o‘rgatish masalasiga ustuvorlik beraveramiz, dedilar.

Prezident park rezidentlari va axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yuritayotgan yoshlar bilan muloqot qildi. Ular tomonidan ilgari surilgan tashabbus va g‘oyalar qo‘llab-quvvatlandi.
– Davlatimiz rahbari bilan uchrashuv mening hayotimda unutilmas voqea bo‘ldi. Ularning samimiy inson ekanliklari, yoshlar bilan yoshlar “tili”da suhbatlashganlari bizda unutilmas taassurot qoldirdi, – deydi iqtidorli mutaxassis Ilhomjon Boltaboyev. – Shaxsan men ham boshqa yoshlar qatori sohaga doir fikr-mulohazalarimni bildirdim. Tadbirdan so‘ng uyga borganimda ota-onam mendan faxrlandilar va Prezidentimizni duo qilishdi.

Xo‘sh, mazkur IT Park farg‘onalik yoshlarga yana qanday qulayliklar yaratadi?
– Shu bino birinchi qavatining o‘zida 200 dan ortiq zamonaviy IT kasbidagi mutaxassislarni ish bilan ta’minlash, ular faoliyat yuritishi imkoniyatlari yaratilgan. Umuman olganda, viloyatimizda hozir 150 dan ortiq IT kompaniyalari bo‘lsa, ushbu markaz foydalanishga topshirilishi natijasida u bir necha barobarga oshadi. IT sohasidagi ta’lim yo‘nalishida esa yiliga uch mingdan ziyod yosh mutaxassislar yetishib chiqadi, – deydi Ilhomjon Boltaboyev.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, agar 2025-yilda 22,7 mln dollarlik axborot texnologiyalari xizmati eksport qilingan bo‘lsa, bu yil bu raqam 30 mln dollarga yetishi kutilmoqda.
Yana bir gap. Prezident Farg‘onadagi kabi IT Park markazlarini avvalo Toshkent shahrida va boshqa viloyatlarda ham barpo etish topshirig‘ini berdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/61MxJDqxak8" title="IT Park sohasida Farg`ona tajribasi ommalashadi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov(video, surat), O‘zA