Qonun ustuvorligi – inson manfaatlari kafolati
Mamlakatimizda fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ayniqsa, mehnat munosabatlarida adolatni qaror toptirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda Adliya organlarining o‘rni va ahamiyati beqiyos.
Xususan, Prezidentning tegishli qaroriga muvofiq, adliya organlari davlat idoralari faoliyatida qonunlarni bir xil va to‘g‘ri qo‘llashni ta’minlash, shuningdek, fuqarolarga huquqiy yordam ko‘rsatish vazifasini amalga oshirmoqda.
Joriy yilning 12-martidan 12-apreliga qadar Respublika hududida o‘tkazilgan “Xotin-qizlar huquqi kafolati” aksiyasi doirasida Kasbi tuman adliya bo‘limiga tuman davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan 27 nafar hamshiradan murojaat kelib tushdi. Ularda asosan ish staji yetarli bo‘lishiga qaramay, ustama pullari to‘lanmayotgani qayd etilgan.
Murojaatlar atroflicha o‘rganilganda, haqiqatdan ham 27 nafar hamshiraga amaldagi qonunchilik talablariga zid ravishda jami 24 million 889 ming so‘mdan ortiq ustama pullari to‘lanmagani aniqlandi. Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq, tibbiyot xodimlariga ish stajiga qarab belgilangan miqdorda ustama to‘lanishi shart.
– Joriy aksiya davomida kelib tushgan murojaatlar asosida o‘rganishlar olib borildi. Natijada, 25 million so‘mga yaqin ustama pullari to‘lanmayotgani aniqlanib, tegishli taqdimnoma kiritish orqali undirib berildi, – deydi tuman adliya bo‘limi bosh maslahatchisi Qadriddin Hayitov.
Adliya organlari tomonidan kiritilgan ta’sir choralari natijasida qonunbuzilish holatlari bartaraf etildi va hamshiralarning buzilgan huquqlari tiklandi.
– Tumandagi 1-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida 14 yildan buyon ishlayman, – deydi hamshira Nilufar Ahmedova. – Ustama to‘lovlari masalasida bir necha bor murojaat qilganmiz. Qonunga ko‘ra to‘lanishi lozim bo‘lgan mablag‘lar berilmagach, adliya bo‘limiga murojaat qildik. Natijada muammolarimiz ijobiy hal etildi.
[gallery-29099]
Qayd etish joiz, Qashqadaryo viloyati bo‘yicha ham murojaatlar bilan ishlash tizimi izchil yo‘lga qo‘yilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 1-choragi davomida viloyat adliya organlariga jami 296 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 232 tasi hal etilgan. Xususan, 93 ta murojaat qanoatlantirilgan, 129 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirish berilgan, 32 tasi tegishliligiga ko‘ra boshqa tashkilotlarga yuborilgan. Ayni paytda 32 ta murojaat o‘rganish jarayonida qolmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, qonun talablariga qat’iy rioya etish, ayniqsa, mehnat munosabatlarida adolatni ta’minlash – har bir rahbar va mas’ul shaxsning ustuvor vazifasi bo‘lib qolmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri