Mahalliy kengashlar tomonidan nazorat-tahlil ishlarini samarali tashkil etishga e’tibor qaratiladi
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev mahalliy kengashlar bilan bog‘liq dolzarb vazifalarga e’tibor qaratib, namunali kengashlarning tajribasini joriy etish zarurligini ta’kidlagan. Kengash so‘rovi va tekshiruvi kabi yangi mexanizmlarni joriy etish orqali hududiy ijro organlari faoliyati ustidan nazoratni yanada kuchaytirishga erishish vazifasini qo‘ygan.
Shu maqsadda Senatning Hududiy vakillik organlari faoliyatini o‘rganish markazi tomonidan xalq deputatlari mahalliy kengashlari uchun seminarlar tashkil etilmoqda.
Nabatdagi tadbirda mahalliy kengashlar kotibiyati mudirlari, doimiy komissiyalar raislari, namunali deb topilgan tuman (shahar) kengashlari deputatlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Seminar davomida mahalliy kengashlar tomonidan kengash so‘rovini tayyorlash va yuborish tartibi, uning mazmuni hamda tuzilishiga qo‘yiladigan talablar yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi.
Xususan, tuman va shahar kengashlari so‘rovlari tegishli davlat organlari hamda tashkilotlarining hududiy bo‘linmalari mansabdor shaxslariga, viloyat va Toshkent shahar kengashlari so‘rovlari esa tegishli ravishda viloyat darajasidagi tuzilmalar rahbarlariga yuborilishi qayd etildi. Kengash so‘rovining huquqiy asoslari, uni rasmiylashtirish tartibi hamda amaliy jihatlari batafsil tushuntirildi.
2025 - 2026-yillar davomida mahalliy kengashlar tomonidan hududiy davlat organlari va tashkilotlariga yuborilgan kengash so‘rovlari tahlil qilindi. Unga ko‘ra, o‘tgan davrda jami 4 ta kengash so‘rovi yuborilgan bo‘lib, ularning 3 tasi viloyat kengashlari, 1 tasi esa tuman kengashi hissasiga to‘g‘ri keladi.
Mazkur so‘rovlar orqali qonuniy savdo faoliyatini tashkil etish, axborot-kutubxona faoliyatini takomillashtirish, hududiy infratuzilmani yaxshilash hamda ta’lim muassasalarini rekonstruksiya qilish kabi dolzarb masalalar ko‘tarilgan.
Seminarda mahalliy kengashlar tomonidan nazorat-tahlil ishlarini samarali tashkil etish, kengash va deputat so‘rovi institutlaridan unumli foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, mahalliy kengashlar faoliyatini namunali tashkil etishda e’tibor qaratilishi kerak bo‘lgan jihatlarga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Soha mutaxassislari tomonidan hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonida uchrayotgan muammolar misolida amaliy tavsiyalar berildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollariga batafsil javob berildi.
N.Abduraimova,
O‘zA