Qishloq ayoli — mehnat va bunyodkorlik timsoli
Andijon viloyati qishloqlarida istiqomat qiluvchi ayollar dehqonchilik, tadbirkorlik, ta’lim, tibbiyot va hunarmandchilik sohalarida mehnat qilib, oilalar farovonligi va hudud taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqda.
15-oktabr — Xalqaro qishloq ayollari kuni
Erta tongdan dalaga otlanib, ekinlar parvarishi bilan shug‘ullanayotgan, tikuv mashinasi qarshisida yangi mahsulotlar yaratayotgan, sinfxonada yoshlarga saboq berayotgan yoki tibbiyot muassasasida aholi salomatligini asrayotgan ayollar — qishloq hayotining faol ishtirokchilari. Ularning kundalik mehnatida mas’uliyat, sabr-toqat va yaratuvchanlik mujassam.
Viloyatda qishloq xo‘jaligi ishlarida ham xotin-qizlarning mehnati muhim o‘rin tutadi. Ekin ekish, ko‘chat parvarishlash, hosilni yig‘ishtirish va saralash jarayonlarida ishtirok etayotgan ayollar qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga o‘z hissasini qo‘shmoqda. Bu mehnat oilalar farovonligi va dasturxonlar to‘kinligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Qishloq joylarda tadbirkorlik va hunarmandchilik bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlar safi ham kengaymoqda. Tikuvchilik, milliy hunarmandchilik, oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlash va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida faoliyat olib borayotgan ayollar o‘z kasbiy mahorati va tashabbusi bilan oilaviy daromadni oshirish, aholi bandligini ta’minlash hamda mahallalar iqtisodiy hayotini faollashtirishga hissa qo‘shmoqda.
Ta’lim va tibbiyot sohalarida mehnat qilayotgan ayollarning faoliyati ham alohida e’tiborga loyiq. O‘qituvchilar yosh avlodga bilim berish bilan birga, ularni mehnatsevarlik va ezgulik ruhida tarbiyalasa, tibbiyot xodimlari inson salomatligini asrash yo‘lida xizmat qilmoqda. Hunarmand ayollar esa o‘z tajribasini yoshlarga o‘rgatib, milliy qadriyatlar va an’anaviy kasblarning davomiyligini ta’minlashga ko‘maklashmoqda.
Ayollarning bilim olishi, zamonaviy kasblarni egallashi, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi va o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun imkoniyatlarni kengaytirish qishloqlar taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, ayolning mehnatdagi faolligi nafaqat oila farovonligi, balki mahalla va jamiyat rivojiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
[gallery-31948]
Xalqaro qishloq ayollari kuni munosabati bilan Andijon viloyatidagi mehnatkash xotin-qizlar faoliyatiga nazar tashlar ekanmiz, ularning har birida o‘z kasbiga sadoqat, oilasiga g‘amxo‘rlik va kelajakka ishonchni ko‘ramiz. Dalada, ishxonada, ta’lim va tibbiyot muassasalarida, hunarmandchilik ustaxonalarida mehnat qilayotgan bu ayollar qishloq hayotining mazmuni va ravnaqiga munosib hissa qo‘shmoqda.
Zuhriddin UMURZOQOV (surat), O‘zA