Issiqlik elektr stansiyalarida qanday ishlar amalga oshirildi? – Mutaxassis javob berdi
Bugun Milliy matbuot markazida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ mas’ullari ishtirokida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqarish uzluksizligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda jamiyat Ishlab chiqarish boshqarmasi boshlig‘i G‘olibjon Salimyorov mavsumga tayyorgarlik doirasida amalga oshirilgan ishlar haqida quyidagilarni ma’lum qildi:
– Bugungi kunda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 10 ta korxona faoliyatini muvofiqlashtirib kelmoqda.
Kuz-qish mavsumini barqaror o‘tkazish, uskunalar ishonchliligini oshirish va avariyaviy holatlarning oldini olish maqsadida 393 ta banddan iborat kompleks chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi. Ma’lum qilinishicha, dasturda belgilangan barcha chora-tadbirlar to‘liq bajarildi.
Joriy yilda 28 ta asosiy qurilmada mukammal va o‘rta ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Jumladan, 5 ta energoblok, 12 ta qozon, 3 ta bug‘-gaz qurilmasi, 3 ta gaz-turbina uskunasi, 2 ta gaz-porshenli agregat hamda 3 ta turbogenerator ta’mirlandi.
Bundan tashqari, qo‘shimcha tekshiruvlar davomida kamchiliklari aniqlangan 12 ta energoqurilmada kengaytirilgan joriy ta’mirlash ishlari bajarildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida 116 MVt ishlab chiqarish quvvatini tiklash, shuningdek, qozonlarning bug‘ ishlab chiqarish quvvatini soatiga 60 tonnaga oshirish imkoniyati yaratildi.
Kuz-qish mavsumida 14,2 milliard kVt·soat elektr energiyasi va 5,9 mln Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Buning uchun 3,2 milliard kub metr tabiiy gaz va 3,1 million tonna ko‘mir sarflanishi ko‘zda tutilgan.
[gallery-31973]
Belgilangan rejalarni bajarish uchun stansiyalarning mavjud quvvatlaridan samarali foydalanish, yoqilg‘i resurslarini tejash va ularning o‘z vaqtida yetkazib berilishini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Shuningdek, yoqilg‘ini qabul qilish va saqlash tizimlari texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi.
Atrof-muhitga ta’sirni kamaytirish maqsadida 5 ta korxonada 10 ta qo‘shimcha gaz tozalash filtri o‘rnatildi. Shu bilan birga, 11 ta chang-gaz tozalash qurilmasida ta’mirlash ishlari bajarildi.
Korxonalarda 19 ta avtomatik ekologik monitoring stansiyasi o‘rnatilib, tegishli axborot tizimlariga integratsiya qilindi. Sanitariya-muhofaza zonalaridagi 23 ta ekologik kuzatuv postining 19 tasi ham axborot tizimlariga ulandi. Bundan tashqari, 8 ta ekologik laboratoriyada havo va suv sifati muntazam tekshirib borilmoqda.
Barcha elektr stansiyalari va markazlarda energoqurilmalarning uzluksiz ishlashini ta’minlash maqsadida tezkor shtablar tashkil etilgan. Ularga 2 mingdan ortiq mutaxassis va 64 ta maxsus texnika biriktirilgan. Shuningdek, 68 ta navbatchilik guruhi kechayu kunduz faoliyat olib bormoqda.
Mavsumni barqaror o‘tkazish maqsadida situatsion-tahliliy onlayn dispetcherlik markazi ham 24 soatlik ish rejimida faoliyat yuritmoqda.
Aytish joizki, bunday ishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad aholini kuz-qish mavsumida elektr va issiqlik energiyasi bilan barqaror, uzluksiz hamda ishonchli ta’minlash, mavsumni betalafot o‘tkazish va iste’molchilarning energiya ta’minotiga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirishdan iborat.
Nasiba Ziyodullayeva,
Oybek Pardayev (surat),
O‘zA