O‘zbekiston millatlararo munosabatlarda ustuvorlikka erishgan mamlakat
O‘zbekiston Milliy universitetida “Markaziy Osiyoda diasporalar tarixi va hozirgi zamon” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda xorijlik olimlar mamlakatimiz millatlararo munosabatlarda, milliy madaniy markazlarni qo‘llab-quvvatlashda ustuvorlikka erishayotgan davlatlardan biri ekanligini e’tirof etishdi.
XXI asr tom ma’noda globallashuvning chuqur ildiz otishiga olib keldiki, bu, jahon ijtimoiy-ma’naviy hayotida, insoniyat turmush tarzida yaqqol o‘z ifodasini topmoqda.
Qisqa fursatda texnologiyalarning beqiyos rivojlanishi ro‘y berishi jarayonida milliy, irqiy, diniy, hududiy va boshqa ko‘rinishdagi nizo va qarama-qarshiliklar bo‘y ko‘rsatishiga, insoniyat oldiga katta xatarlarning oldini olish vazifasini, illatlarga yechim topish masalasini kun tartibiga olib chiqmoqda.

O‘zbekiston Milliy universiteti “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” kafedrasi hamda Millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik ilmiy markazi tomonidan tashkil etilgan “Markaziy Osiyoda diasporalar tarixi va hozirgi zamon” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda ushbu masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Aytish lozimki, Markaziy Osiyo mintaqasida turli xalqlarning diasporalari yillar davomida shakllangan bo‘lib, mamlakatlarning barqarorligi va taraqqiyotida ularning alohida o‘rni bo‘lib kelgan.

Bugun jahon hamjamiyatida, xususan mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida millatlararo munosabatlarni mustahkamlash, har bir xalqning qadriyatlarini qadrlash, qo‘llab-quvvatlash borasida yurtimizda ko‘plab diasporalar ish olib bormoqda.
Diasporalarning samarali faoliyati bag‘rikenglik, millatlararo totuvlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etib kelmoqda.
Anjumanda ta’kidlanganidek, 1995-yil 16-noyabrda YUNESKO xalqaro tashkiloti tomonidan “Bag‘rikenglik (tolerantlik) deklaratsiya”si qabul qilindi. Ushbu deklaratsiyaga 185 ta davlat jumladan, O‘zbekiston hamda mintaqa davlatlari qo‘shildi.

-Shuni e’tirof qilish kerakki, mintaqa xalqlari tarixida, ularning xulq-atvori va dunyoqarashida bag‘rikenglik tamoyili qadimdan shakllangan. Xalqimizga xos mehmondo‘stlik, sabr-toqatlilik, mehnatsevarlik, hamjihatlik singari oliyjanob qadriyatlar tariximizning ko‘plab davrlari, xususan, ikkinchi jahon urushi yillarida yaqqol namoyon bo‘ldi. Konferensiyada ishtirok etgan xorijiy davlatlarning olimlari millatlararo munosabatlarda O‘zbekiston pozitsiyasi o‘rnak bo‘lar darajada shakllanganligini e’tirof etishdi, - deydi O‘zbekistonning eng yangi tarixi kafedrasi mudiri Ravshan Xomitov.
Anjumanda qatnashgan Ozarbayjon, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Fransiya kabi davlatlarning olimlari Markaziy Osiyoda diasporalar shakllanishining tarixiy ildizlari va migratsiya jarayonlari, hozirgi zamonda diasporalarning ijtimoiy-siyosiy roli va mintaqaviy xavfsizlikka ta’siri, madaniy aloqalar, ta’lim masalalari xususida ma’ruzalar qilishdi.
Muhokama qilingan masalalar yuzasidan konferensiya materiallari tayyorlanib, ilmiy-amaliy faoliyatda foydalanish belgilab olindi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA