Qirg‘iz shoirasi kitobi o‘zbek tilida chop etildi
Bobur nomli Andijon viloyati axborot-kutubxona markazida O‘zbekiston Yozuvchilar, Jurnalistlar uyushmalari hamda Qirg‘iz milliy-madaniy markazi viloyat bo‘limlari hamkorligida qirg‘iz shoirasi Samara Nosirovaning “Bug‘doy non hidi” nomli she’riy to‘plami taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Taqdimotda bir guruh o‘zbek, qirg‘iz shoir va yozuvchilari, adabiyot ixlosmandlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Unda so‘z olgan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Xurshida Vahobjon qizi, Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Saminjon Husanov, Qirg‘iz milliy-madaniy markazi viloyat bo‘limi rahbari Obidjon Nosirov va boshqalar o‘zbek va qirg‘iz ijodkorlari o‘rtasida do‘stlik, ijodiy hamkorlik aloqalari yildan-yilga mustahkamlanib borayotganligini ta’kidladi.
[gallery-29883]
O‘sh viloyati Qorasuv tumanida tug‘ilgan, Qirg‘iziston Milliy Yozuvchilar hamda Rossiya Yozuvchilar uyushmalari a’zosi, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY medali, “Qirg‘iziston madaniyati a’lochisi” ko‘krak nishoni sohibasi, Qirg‘iziston Milliy Yozuvchilar uyushmasining Rossiya bo‘limi rahbari, “Kara-Suu kayrыktarы” adabiy birlashmasi jamoat fondi direktori Samara Nosirovaning “Bug‘doy non hidi” nomli she’riy kitobiga kiritilgan she’rlar andijonlik ijodkor-tarjimon Muqimjon Nurboyev tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilinib, Namangandagi “Iste’dod ziyo press” nashriyotida o‘zbek va qirg‘iz tillarida (“Buuday nan jыtы”) chop etilgan.
Tadbirda ikki xalq o‘rtasidagi adabiy hamkorlik, do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qiluvchi kitobga kiritilgan she’rlarning mazmun-mohiyati haqida fikr va mulohazalar bildirildi.
– She’rlar aslidagi ruhini saqlagan holda, o‘zbek o‘quvchisi uchun tabiiy va ta’sirchan tarzda tarjima qilinganligini alohida ta’kidlash lozim, – deydi filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Nargizaxon Ortiqova. – To‘plamdagi barcha she’rlarda yuksak insoniy fazilatlar, qardosh ikki xalqning umumiy ma’naviy ildizlari, milliy xotiraning bardavomligi o‘z ifodasini topgan.
Tadbirda o‘zbek va qirg‘iz tillarida she’rlar o‘qildi. Qirg‘izistonlik ijodkor Jinisbek Mamatov qirg‘iz milliy qo‘shiqlaridan ijro etib, tadbirga o‘zgacha fayz kiritdi.
Kitob muallifi Samara Nosirova qirg‘iz ijodkorlariga ko‘rsatilgan e’tibor, qolaversa, qardosh xalqlarimiz ijodkorlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shayotgan barcha ijodkorlarga hamda tarjimon Muqimjon Nurboyevga minnatdorlik bildirdi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.