Qashqadaryo xabarlari – qisqa satrlarda
Qashqadaryo viloyatidagi “Koson-Muborak” avtomobil yo‘lining Koson tumanidan o‘tgan qismida tokzor va tutzor tashkil etilmoqda.
Viloyat hokimi Murotjon Azimov bu yerda amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlarini ko‘zdan kechirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, bugungi kunda yo‘l yoqasida –dala chetidagi 14 kilometr maydonda tokzorlar barpo etiladi va 7 ming 500 dona tok ko‘chati o‘tqaziladi.
Bu hududda o‘zlashtirilgan 32 gektar yer maydonida hozir tutzor tashkil etilmoqda. Tutzorda jami 74 ming dona tut ko‘chati ekiladi.

***
Qarshi tumanidagi Ravot mahallasi hududida zamonaviy dizayndagi “Yoshlar markazi” qurilishi ishlariga start berildi.
Tuman hokimi Zoir Aliqulov topshirig‘i bilan zamonaviy dizayndagi “Yoshlar markazi”ni qurish ishlariga jiddiy kirishilib, yangi markazning faoliyat boshlashi uchun harakatlar boshlandi. Aytish kerak, mazkur markaz yoshlar uchun juda muhim va zarur.
Eng quvonarlisi, “Yoshlar markazi”dan IT-chilar uchun mo‘ljallangan xonalar ham o‘rin olgan bo‘lib, inshoot tuman markazida qatnov uchun qulay hududda qad rostlamoqda.


***
Ko‘kdala tumani Davlat xizmatlari markazida ham xorijga chiqish pasportini berish yo‘lga qo‘yildi.
Ma’lumki, 2022 yil 1 yanvardan boshlab Davlat xizmatlari markazi ichki ishlar bo‘limlari bilan bir vaqtda O‘zbekiston fuqarolariga xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berishni bosqichma-bosqich boshlagandi.
Yaqinda bu imkoniyat Ko‘kdala tumani adliya bo‘limi Davlat xizmatlari markazida ham yaratildi.


O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri