G‘ozg‘onda keng ko‘lamdagi bunyodkorlik ishlari davom etmoqda
Navoiy viloyatining G‘ozg‘on shahrida bugungi kunda keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari izchil davom etmoqda. Hududda uy-joylar, ijtimoiy soha ob’ektlari hamda boshqaruv binolari barpo etilib, shahar infratuzilmasi yangi bosqichga olib chiqilmoqda.
Jumladan, Tumar mahallasida qurilayotgan zamonaviy dehqon bozori aholi uchun muhim ahamiyatga ega loyihalardan biri hisoblanadi. Qariyb 1 gektar maydonda barpo etilayotgan ushbu savdo maskanida 32 ta do‘kon va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun ochiq savdo rastalari tashkil etiladi.
– Shu kungacha shahrimiz aholisi uchun xizmat qiladigan bozorimiz yo‘q edi, – deydi shahar qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Izomiddin Ahmadqulov. – Hududda xaridor va sotuvchilar uchun barcha zarur infratuzilma yaratiladi. Do‘konlarning fasad qismi va zinapoyalarining marmar bilan bezatilayotgani ob’ektga estetik jihatdan ham o‘ziga xos qiyofa bergan. Yangi bozor ishga tushgach nafaqat aholiga qulaylik yaratiladi, balki mahalliy byudjetga qo‘shimcha qariyb 2,5 milliard so‘m miqdorida tushum kelib tushishi va 100 ga yaqin ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.
[gallery-29056]
Shu bilan birga, shaharda yana bir muhim ijtimoiy ob’ekt – zamonaviy markaziy poliklinika qurilishi yakunlanish arafasida. Mazkur tibbiyot muassasasi 48 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, u ishga tushgach, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini sezilarli darajada oshiradi. Yangi poliklinikada diagnostika va davolash imkoniyatlari kengayib, sog‘liqni saqlash tizimi yanada takomillashtiriladi. Shuningdek, bu yerda 50 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.
Hozirda ob’ektda ichki pardozlash ishlari deyarli yakunlangan bo‘lib, tashqi hududni obodonlashtirish va yakuniy bezatish ishlari amalga oshirilmoqda. Loyiha yaqin vaqt ichida to‘liq ishga tushirilishi kutilmoqda.
Shaharda boshqaruv tizimini yanada samarali tashkil etish maqsadida zamonaviy hokimlik binosi ham barpo etilmoqda. Yangi ma’muriy inshoot zamonaviy arxitektura asosida qurilib, davlat xizmatchilari uchun qulay ish sharoitlarini yaratadi. Shuningdek, bu yerda turli tashkilotlar uchun ham joy ajratilishi rejalashtirilgani xizmat ko‘rsatish jarayonlarini yanada tezkor va samarali qilishga xizmat qiladi.
G‘ozg‘on shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari aholi farovonligini oshirish, zamonaviy infratuzilmani shakllantirish va shaharning yangi qiyofasini yaratishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari