Qashqadaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Qashqadaryo viloyati hokimi stipendiyasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Viloyatdagi davlat OTM talabalari uchun 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab “Hokim stipendiyasi” joriy etilgan edi.

2024-2025 o‘quv yilida ushbu tanlov doirasida viloyatdan jami 100 nafardan ziyod talaba yoshlar ariza topshirgan bo‘lib, tanlovning birinchi bosqichi viloyat oliy ta’lim muassasalari tomonidan o‘tkazildi va viloyat bosqichi uchun jami 32 nafar yosh saralab olindi.

Kuni kecha mazkur tanlovning 2-bosqichi o‘tkazildi. Nizomga asosan, tanlov natijalariga ko‘ra 14 nafar ishtirokchi g‘olib deb topilib, o‘quv yilining sentyabr oyidan iyun oyigacha har oy bazaviy hisoblash miqdorining 3 barobari miqdorida stipendiya to‘lanadi.
***
Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahridagi “Kesh smart IT school” nodavlat ta’lim muassasasining 7-sinf o‘quvchisi Lola Karimova Xalqaro IELTS imtihonidan OVERALL 8 ball natijaga erishdi.

Shuningdek, u maktab tomonidan taqdim etilgan “Dubayga sayohat” yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan.
***
Qashqadaryo viloyati hokimining 2024 yil 24 avgustdagi “Umumiy o‘rta ta’lim maktablari, akademik litsey va professional hamda oliy ta’lim muassasalarining o‘quvchi-talabalari va professor o‘qituvchilari o‘rtasida viloyat hokimi kubogi uchun “Shaxmat turniri”ni tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq viloyatimizning barcha umumta’lim maktablarida 3 bosqichli “Shaxmat turniri”ning maktab bosqichiga start berildi.


Ma’lumot uchun, unda umumta’lim maktablarining 1-sinfdan 11-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilar o‘zaro bellashadi. G‘oliblar esa tuman, shahar hamda viloyat bosqichiga yo‘l oladi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri