Qanday omillar O‘zbekistonda sug‘urta xizmatlari hajmining o‘sishiga olib kelmoqda?
Mamlakatimizda sug‘urta xizmatlari iste’molchilarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, aholining sug‘urta savodxonligini oshirish, uning yangi turlarini ommalashtirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-mart kuni «Sug‘urta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirishning kompleks chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Bugun yurtimizda sug‘urta tizimida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami, maqsad va rejalar qanday? Shu kabi masalalar xususida Istiqbolli loyihalar milliy agentligining Sug‘urta bozorini rivojlantirish departamenti boshlig‘i Orifjon FAYZIEVning fikrlariga qiziqdik.
– Sug‘urta bozorida yildan yilga o‘sish sur’atlari kuzatilayotgan bo‘lsa-da, aslida bundan ham yuqori natijalarga erishish imkoniyatlari mavjud, – dedi Orifjon Fayziyev.– Soha rivojining asosiy omili, bu – aholining sug‘urta bozoriga bo‘lgan ishonchini oshirish va mustahkamlash. Buning uchun, avvalo, aholi va tadbirkorlik subyektlarining sug‘urta qildirish hamda sug‘urta tovonini olishi oson, sodda bo‘lishi kerak.
Endilikda ushbu maqsadlarda barcha sug‘urta (qayta sug‘urta) shartnomalarini elektron ro‘yxatga olish va sug‘urta polislarini rasmiylashtirish Yagona axborot tizimida amalga oshiriladi. Sohaga yangi raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlari soddalashtirilib, shartnomalarni tuzish va sug‘urta da’volarini yuborish elektron shaklda yuritiladi.
Shuningdek, mavzuli dasturlar va ko‘rsatuvlar orqali aholining sug‘urta madaniyati va sug‘urta xizmatlariga bo‘lgan ishonchi oshiriladi. Bundan tashqari, hujjatda tadbirkorlik subyektlari uchun ko‘chmas mulkni texnogen va tabiiy ofatlardan majburiy sug‘urtalash tizimini joriy etish, “takaful” va “yashil sug‘urta” sug‘urta mahsulotlarini ommalashtirish hamda yanada rivojlantirish ham belgilab berildi.
Albatta bu o‘rinda sug‘urta tashkilotlari faoliyatining shaffofligini ta’minlash ham muhim sanaladi. Buning uchun ham bir qator chora-tadbirlar belgilandi.
Jumladan, Yagona axborot tizimida sug‘urta tashkilotlari hisobotlari avtomatik ravishda bosqichma-bosqich shakllantirib, soddalashtiriladi.Sug‘urta bozori professional ishtirokchilari faoliyatiga aralashmagan holda Yagona axborot tizimida ularning faoliyati onlayn monitoring qilinadi. Sohada xizmatlar sifati bo‘yicha sug‘urta tashkilotlari faoliyati reytingi yuritiladi, bunda asosiy mezonlar bu o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmagan yoki to‘lanmagan har bir sug‘urta da’vosi hisoblanadi. Bunday holatlarga yo‘l qo‘yilgan sug‘urta tashkilotlariga nisbatan esa jarimalar qo‘llaniladi.
Masalan, so‘ngi yillarda transport vositalari egalarining sug‘urta tashkilotlari tomonidan sug‘urta tovonlarini o‘z vaqtida to‘lanmayotgani bo‘yicha murojaatlar soni ortgan. Buning asosiy sababi, ushbu sug‘urta turining zararlilik darajasi yuqori ekanligi, ya’ni 2019-yilda tasdiqlangan 56 ming so‘mlik sug‘urta mukofoti zararlarni qoplashga yetmayotganligidir.
Shu o‘rinda ma’lumot uchun aytadigan bo‘lsak, o‘tgan 2023-yilda Toshkent shahrida zararlilik darajasi 146 foizni tashkil etgan.2019-yildan boshlab barqaror belgilangan 40 million so‘m sug‘urta summasi yo‘l-transport hodisalarida jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararlar bo‘yicha xarajatlarni yetarli darajada qoplamay qoldi.
Jahon bankining statistikasiga asosan, O‘zbekistonda iste’mol narxi indeksi oxirgi 5-yil davomida 160 foizga oshgan, bundan tashqari, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori o‘sishi 265 foizni tashkil etgan, bazaviy hisoblash miqdori esa 168 foiz o‘sish dinamikasini ko‘rsatgan.
Hozirda respublikamizda belgilangan sug‘urta puli va sug‘urta mukofoti yaqin qo‘shni davlatlar hamda boshqa xorijiy mamlakatlar bilan solishtirganda eng kam ko‘rsatkich hisoblanadi. Mazkur muammoning yechimi sifatida hisob-kitoblar asosida transport vositalari egalari va sug‘urta tashkilotlari uchun maqbul sug‘urta tariflari va summasini belgilash rejalashtirilmoqda.
– Sog‘lom raqobat muhitini yaratish, sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatishda turli noqonuniy harakatlarga barham berish bo‘yicha nimalar nazarda tutilmoqda?
– Darhaqiqat, bu yo‘nalishda sug‘urta tashkilotlari xizmatlarini elektron shaklda ko‘rsatish tartibini takomillashtirish, sug‘urta va investitsiya faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tanqidiy qayta ko‘rib chiqish hamda zamonaviy talablarga muvofiqligini ta’minlash muhim sanaladi.
Bugungi kunda bir nechta normativ-huquqiy hujjatlar loyihasi sug‘urta tashkilotlari mutaxassislaridan tashkil topgan ishchi guruh hamkorligida ishlab chiqilmoqda va yaqin vaqtda amaliyotga joriy etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, bu borada bir qator talablar belgilanmoqda. Masalan, sug‘urta faoliyatida axborot tizimlarining mavjud bo‘lishiga oid litsenziya talablari, 2025-yil oktyabrdan boshlab keyingi 5-yil davomida sug‘urta tashkilotlari uchun tabaqalashtirilgan ustav kapitalining eng kam miqdorini belgilash nazarda tutilgan. Bundan tashqari. ixtiyoriy sug‘urta shartnomalari bo‘yicha tavsiyaviy xarakterga ega minimal sug‘urta tariflarini belgilashga ham alohida e’tibor qaratilgan.
– Sug‘urta sohasida yangi avlod kadrlarini tayyorlash yo‘nalishida qanday maqsadlar nazarda tutilgan?
– Umuman olganda, Prezidentimizning yuqoridagi qarori asosida amalga oshiriladigan ishlar ko‘lami sug‘urta bozorining rivoji va hal etilishi lozim bo‘lgan masalalari yechimida ayni muddao bo‘ldi.
Xususan, sug‘urta yo‘nalishi bo‘yicha bakalavr o‘qish muddatini to‘rt yildan uch yilgacha qisqartirish (tayanch bo‘lmagan fanlarni qisqartirish) hisobiga xorijiy tajriba asosida ta’lim dasturlari va oliy ta’limning davlat standartlarini qayta ko‘rib chiqish ham ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, sug‘urta ishi bo‘yicha sug‘urta tashkilotlarining yuqori boshqaruv organlari xodimlarining malakasini muntazam oshirilishi nazarda tutilgan.
Abdulaziz RUSTAMOV yozib oldi, O‘zA