Putin Rossiyadan rubl va oltin olib chiqishni chekladi (+video)
Dunyo kun tartibida keskin va turli yo‘nalishdagi voqealar jamlanmoqda: AQSH prezidenti Donald Tramp Eron bilan urushni yaqin haftalarda yakunlashga urinayotgan bir paytda, Yaponiya maktablarida yuzlab odamlar zaharlanishi, Qozog‘istonda noma’lum dronlar qulashda davom etayotgani xavotir uyg‘otmoqda. Rossiyada esa rubl va oltin olib chiqishga yangi cheklovlar joriy etildi, Belarus yetakchisi ilk bor Shimoliy Koreyaga tashrif buyurib, hamkorlikni kengaytirishga kirishdi. Shu fonda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSHning bosimi kuchayganini aytsa, Bangladeshda avtobus daryoga qulab, o‘nlab insonlar halok bo‘lgan fojia qayd etildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/7ubQ7nf0uBU" title="Putin Rossiyadan rubl va oltin olib chiqishni chekladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Tramp urushni may oyigacha tugatishni rejalashtirmoqda
AQSH prezidenti Donald Tramp o‘z maslahatchilariga Eron bilan urushni tezroq yakunlash niyatida ekanini bildirgan. The Wall Street Journal ma’lumotiga ko‘ra, urush boshlanganiga bir oy to‘lar ekan, prezident mojaro yakuniy bosqichga kirganini aytgan va uni 4–6 hafta ichida tugatish bo‘yicha avval belgilangan muddatga amal qilishni so‘ragan. Shu bilan birga, Tramp may oyi o‘rtalarida Xitoy rahbari Si Szinpin bilan sammit o‘tkazishni rejalashtirmoqda, urush sabab kechiktirilgan mazkur uchrashuvni aynan shu muddatgacha yakunlash maqsad qilingan. Biroq tinchlik muzokaralari hali boshlang‘ich bosqichda bo‘lib, urushni tugatishning oson yo‘llari mavjud emas.
Yaponiya maktablarida 600 dan ortiq o‘quvchi va xodim zaharlandi
Yaponiyaning Osaka prefekturasida joylashgan bir nechta maktabda 600 dan ortiq o‘quvchi va xodim ovqatdan zaharlangan. Sinxua xabariga ko‘ra, Kumatori shahridagi sakkizta boshlang‘ich va o‘rta maktabda 19-martdan boshlab o‘quvchilarda ko‘ngil aynishi, ich ketishi va qusish alomatlari kuzatilgan. 24-mart holatiga zaharlanganlar soni 633 nafarga yetgan. Mahalliy sog‘liqni saqlash markazi ayrim bemorlarda norovirusni aniqlagan, ushbu virus maktablarga tushlik uchun non yetkazib bergan kompaniya xodimlarida ham topilgan. Mutasaddilar zaharlanish aynan shu mahsulot bilan bog‘liq degan xulosaga kelib, ishlab chiqaruvchi korxona faoliyatini besh kunga to‘xtatgan.
Qozog‘iston g‘arbida dron qulab tushdi
Qozog‘istonning g‘arbiy hududida, Qorovultobe qishlog‘i yaqinida noma’lum dron qulab tushgani aniqlandi. «Kazinform» xabariga ko‘ra, Oqjayiq tumanida dron qoldiqlariga o‘xshash jismlar topilgan va hodisa yuzasidan vakolatli xizmatlar bilan birgalikda tekshiruv olib borilmoqda. Politsiya ma’lum qilishicha, ob’ekt aholi punktidan tashqarida aniqlangan bo‘lib, voqea tafsilotlari o‘rganilmoqda. Avvalroq ham G‘arbiy Qozog‘iston viloyatining turli tumanlarida noma’lum dronlar topilgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Ayrim qurilmalar butun holda aniqlanib, tashqi ko‘rinishi Rossiyaning «Shahed» turidagi apparatlariga o‘xshash ekani qayd etilgan. Qozog‘iston Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bunday dronlarning aksariyati Rossiya sinov poligoni hududiga to‘g‘ri keladi va mazkur havo hududidan aynan shu poligon foydalanadi.
Putin Rossiyadan rubl va oltin olib chiqishni chekladi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin imzolagan farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-apreldan boshlab jismoniy shaxslar Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlariga 100 ming dollardan ortiq naqd rubl olib chiqolmaydi. Yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslar uchun esa naqd pulni poyezd yoki avtomobil orqali olib chiqish taqiqlanib, faqat xalqaro aeroportlar orqali olib chiqishga ruxsat beriladi. Shuningdek, barcha shaxslar pul mablag‘ining kelib chiqishini bank hujjatlari bilan tasdiqlashi va undan chet elda qanday foydalanishini deklaratsiyada ko‘rsatishi shart bo‘ladi. Farmonga muvofiq, oltin olib chiqish tartibi ham qat’iylashtirilmoqda. 2026-yil 1-maydan boshlab og‘irligi 100 grammdan ortiq oltin quymalarini yuridik shaxslar va tadbirkorlar faqat maxsus ruxsatnoma asosida va ayrim aeroportlar orqali olib chiqishi mumkin
Lukashenko ilk bor KXDRga tashrif buyurdi
Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko 25-mart kuni Shimoliy Koreyaga tashrif buyurdi. Reuters xabariga ko‘ra, bu uning KXDRga ilk bor borishi bo‘lib, tashrif davomida Minsk va Pxenyan o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma hamda bir nechta sohaviy kelishuvlar imzolanishi kutilmoqda. Tomonlar sanksiyalar va xalqaro yakkalanish sharoitida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning huquqiy asoslarini kengaytirishni rejalashtirmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, Belarus va KXDR Rossiyaning Ukrainadagi urushi fonida Moskva bilan yaqin hamkorlikni davom ettirmoqda. Shimoliy Koreya Rossiyaga harbiy yordam ko‘rsatayotgani, Belarus esa o‘z hududidan harbiy maqsadlarda foydalanishga ruxsat bergani qayd etiladi.
Zelenskiy AQSHning Ukrainaga bosimi kuchayganini aytdi
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Reutersga bergan intervyusida AQSH Kiyevga bosimni kuchaytirayotganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, Vashington tinchlik kelishuvi doirasida xavfsizlik kafolatlarini Ukraina tomonidan Rossiyaga hududiy yon berishlar bilan bog‘lamoqda va Donbassdan qo‘shinlarni to‘liq olib chiqishni talab qilmoqda. Zelenskiyga ko‘ra, AQSH prezidenti Donald Tramp urushni tezroq yakunlashga intilyapti va bu qarorlar Yaqin Sharqdagi vaziyat bilan ham bog‘liq. Zelenskiy Donbassdan chiqish Ukraina va Yevropa xavfsizligiga jiddiy tahdid solishini ta’kidlab, mintaqadagi muhim mudofaa pozitsiyalari yo‘qotilishi mumkinligidan ogohlantirdi
Bangladeshda avtobus yo‘lovchilari bilan daryoga quladi
Bangladeshda 40 nafarga yaqin yo‘lovchini olib ketayotgan avtobus Padma daryosiga qulab tushdi. Reuters xabariga ko‘ra, hodisa 25-mart kuni avtobus paromga chiqayotganida, Dakka shahridan qariyb 100 kilometr uzoqlikdagi Rajbari tumanida yuz bergan. Transport vositasi boshqaruvni yo‘qotib ag‘darilgan va taxminan 9 metr chuqurlikka cho‘kib ketgan. Qutqaruvchilar suv ostidagi avtobusdan 22 kishining jasadini olib chiqqan, keyinchalik halok bo‘lganlar soni 24 nafarga yetgani tasdiqlangan. Qidiruv-qutqaruv ishlariga yong‘in xavfsizligi xizmati, g‘avvoslar, armiya, politsiya va boshqa tuzilmalar jalb qilingan. Rasmiylar yana bedarak yo‘qolganlar bo‘lishi mumkinligini bildirmoqda, mamlakatda esa bunday yo‘l-transport va parom halokatlari tez-tez uchrab turadi.
Nozimbek Mardonov, Salim Obidjonov O‘zA