Pulli yo‘llar tizimining ahamiyati muhokama qilindi
Mamlakatimizda pulli avtomobil yo‘llarini bosqichma-bosqich joriy etish uchun tegishli choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, Toshkent – Samarqand hamda Toshkent – Andijon va boshqa kichik loyihalarni amalga oshirish vazifalari belgilangan.
Ta’kidlash lozimki, pulli avtomobil yo‘llarini joriy etish mamlakatimiz transport infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladigan muhim tashabbuslardan biri hisoblanadi. Bu yo‘nalish nafaqat yo‘llar sifatini yaxshilash, balki investitsiyalarni jalb qilish, harakat xavfsizligini ta’minlash va transport oqimini samarali boshqarish imkonini beradi.
O‘zLiDeP tashabbusi bilan o‘tkazilgan davra suhbatida soha mutaxassislari ishtirokida ushbu masalaning iqtisodiy va amaliy jihatlari atroflicha muhokama qilindi.

Davra suhbatida qayd etilganidek, mamlakatimizda umumiy uzunligi 700 km.ga yaqin bo‘lgan pulli avtomobil yo‘llarini barpo etish rejalashtirilgan. Jumladan, Toshkent – Samarqand, Toshkent – Andijon, Toshkent – Bo‘stonliq va Urganch – Xiva yo‘nalishlarida zamonaviy avtomagistrallar qurilishi ko‘zda tutilgan.
Ushbu loyihalar transport tizimini modernizatsiya qilish, hududlar o‘rtasidagi aloqadorlikni kuchaytirish hamda tranzit salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. Natijada harakat tezligi oshishi, vaqt va transport xarajatlari qisqarishiga erishiladi.
Davra suhbatida pulli yo‘llarni joriy etishda ijtimoiy manfaatlar muvozanatini ta’minlash muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi. Shuningdek, tariflarning adolatli belgilanishi, ehtiyojmand aholi qatlami uchun imtiyozlar yaratish kerakligi ta’kidlandi. Pulli yo‘llar tizimini iqtisodiy samaradorlik kafolatiga aylantirish bo‘yicha ham bir qator takliflar bildirildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA