Professional haydovchilar uchun Rossiyada vaqtinchalik bo‘lish muddati 180 kunga uzaytirildi
Bu haqda Hukumat komissiyasi axborot xizmati ma’lum qildi. Unda yozilishicha, Rossiya Federatsiyasi hukumati xalqaro avtomobil tashuvlarini amalga oshirayotgan professional haydovchilar uchun mamlakat hududida vaqtinchalik bo‘lish muddatini 180 kungacha uzaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilgan. Ushbu tartib 2026-yil 30-iyundan kuchga kiradi. Ilgari mazkur toifadagi haydovchilar uchun bu muddat 90 kunni tashkil etar edi.
Ushbu yangilik O‘zbekiston, boshqa MDH davlatlari hamda Gruziya fuqarolari bo‘lgan professional haydovchilarga taalluqli bo‘lib, xalqaro yuk tashuvlari jarayonida qator qulayliklar yaratadi. Xususan, mamlakat hududida bo‘lish muddatining ikki barobarga uzaytirilishi logistika jarayonlarini yanada barqaror tashkil etish, yuklarni o‘z vaqtida manzilga yetkazish va ortiqcha ma’muriy cheklovlarni kamaytirishga xizmat qiladi.

Ayniqsa, bu qaror o‘zbekistonlik eksportchilar va tashuvchilar uchun muhim amaliy ahamiyatga ega. Chunki tashqi bozorlarga mahsulot yetkazib berishda avtomobil transporti asosiy yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda. Meva-sabzavot, oziq-ovqat mahsulotlari, qurilish materiallari va boshqa tovarlarni eksport qilishda haydovchilarning mamlakatda uzoqroq muddat bo‘lishi tashuvlarning uzluksizligini ta’minlaydi.
Ushbu masala 2026-yilning birinchi choragida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev raisligida o‘tkazilgan “Ochiq muloqot”lar doirasida ham bir necha bor ko‘tarilgan edi. Unda transport-logistika kompaniyalari, eksportchilar va importchilar Rossiya hududida faoliyat yuritishda yuzaga kelayotgan amaliy muammolar haqida fikr bildirgan.

Xususan, eksportchilar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotlarda haydovchilarning Rossiya Federatsiyasi hududida o‘z kasbiy vazifalarini bajarish jarayonida duch kelayotgan qiyinchiliklar, jumladan, vaqtinchalik bo‘lish muddati bilan bog‘liq masalalar muhokama qilingan.
Shundan so‘ng mazkur yo‘nalishdagi taklif va murojaatlar ikki mamlakat hukumatlari darajasida, O‘zbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasi ishtirokida ishlab chiqilgani ma’lum qilingan edi.

Yangi tartibga muvofiq, Rossiyaga vizasiz tartibda keluvchi va xalqaro avtomobil tashuvlarida professional haydovchi sifatida faoliyat yuritayotgan MDH davlatlari hamda Gruziya fuqarolari bir kalendar yil davomida jami 180 sutkagacha ushbu mamlakat hududida bo‘lishlari mumkin.
Shu bilan birga, bunday xorijiy fuqarolar Rossiya Federatsiyasiga kirish va uning hududida vaqtinchalik bo‘lish yoki yashash maqsadida belgilangan tartibda tegishli ariza taqdim etishlari lozim.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA