Temuriylar davri: siyosat, ilm-fan va madaniyat uyg‘unligi
OʻzLiDeP Navoiy viloyat Kengashi, PROFI UNIVERSITY NTM Navoiy filiali hamda Turon Fanlar akademiyasi hamkorligida Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan “Temuriylar davri: siyosat, ilm-fan va madaniyat uyg‘unligi” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Konferensiyada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Aziza Aminova, OʻzLiDeP Navoiy viloyat Kengashi apparat rahbari Muhammad Eshniyozov, Turon Fanlar akademiyasi Navoiy viloyati filiali rahbari Kamol Yo‘ldoshev, Amir Temur xalqaro fondi Navoiy viloyati filiali rahbari Ramazon Egamov, oliy ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilar hamda talabalar ishtirok etdi.

Mazkur anjumanda mamlakatimizda buyuk ajdodlarimiz merosini o‘rganish, milliy qadriyatlar va tarixiy xotirani asrab-avaylash, yosh avlod qalbida vatanparvarlik va milliy g‘urur tuyg‘ularini mustahkamlash borasida alohida so‘z yuritildi.

– Amir Temur va temuriylar davri nafaqat milliy tariximiz, balki jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotida ham alohida o‘rin tutgan, – deydi tarixchi olim Ramazon Egamov. – Ayniqsa, bu davrda davlat boshqaruvi, ilm-fan, me’morchilik, adabiyot va madaniyat sohalari yuksak taraqqiy etgan. Mirzo Ulug‘bek kabi allomalarning ilmiy merosi bugun ham insoniyat uchun muhim manba bo‘lib xizmat qilmoqda. Temuriylar davridagi ilm ahliga bo‘lgan e’tibor, adolatli davlat boshqaruvi, ma’rifatparvarlik siyosati bugungi Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi bilan uyg‘un ekanligi ahamiyatlidir.

Konferensiya yakunida ishtirokchilar kelgusida ham bu kabi ma’rifiy-ilmiy tadbirlarni izchil davom ettirish yuzasidan takliflar bildirildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri