Bank kartalaridagi mablag‘larni naqdlashtirish ulushi pasaymoqda
2026-yilning birinchi choragida O‘zbekistonda naqd pul muomalasi va umumiy pul tushumlari sezilarli darajada oshdi. Shu bilan birga, aholi tomonidan bank kartalaridagi mablag‘larni naqdlashtirish ulushi pasayishda davom etmoqda.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar–mart oylarida umumiy pul tushumlari (naqd pul va terminallar orqali tushumlar) 316 trillion so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 35 foizga o‘sgan. Bunda terminallar va mobil ilovalar orqali amalga oshirilgan to‘lovlar ulushi 43 foizdan 47 foizgacha oshgan. Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida esa ushbu ko‘rsatkich 51 foizga yetgan.
Hisobot davrida banklar orqali naqd pul aylanmasi 330 trillion so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 25 foizga ko‘paygan. Shundan 166 trillion so‘m banklarga tushgan naqd mablag‘lar, 164 trillion so‘m esa berib yuborilgan naqd pul hissasiga to‘g‘ri keladi.
Naqd pul tushumlari 34 trillion so‘mga (26 foizga) oshgan bo‘lib, bu asosan bank xizmatlari, savdo va pullik xizmatlar hajmining kengayishi bilan izohlanadi.
2026-yil birinchi choragida bank kassalari va bankomatlar orqali jami 164 trillion so‘m naqd pul berilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 24 foizga yuqori.
O‘sishga asosan quyidagi omillar ta’sir ko‘rsatgan. Bank kartalaridan naqd pul yechish hajmining 13 trillion so‘mga oshishi, aholidan naqd chet el valyutasini sotib olish uchun ajratilgan mablag‘larning 11 trillion so‘mga ko‘payishi, omonat hisobvaraqlaridan naqd pul yechish hajmining 6 trillion so‘mga ortishi bunga asos bo‘lgan.
Joriy yil birinchi choragida bank kartalariga tushumlar hajmi o‘tgan yilga nisbatan 1,3 barobarga oshgan. Shu bilan birga, kartalardan naqd pul yechish ulushi pasayishda davom etmoqda.
Xususan, hisobot davrida 71 trillion so‘m mablag‘ naqdlashtirilgan bo‘lib, bu kartalarga tushgan umumiy mablag‘larning 17 foizini tashkil etgan. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 2 foiz bandga kamaygan.
Bu tendensiya naqdsiz to‘lovlar ulushi ortib borayotgani, raqamli moliyaviy xizmatlar kengayayotgani bilan bog‘liq.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA