Prezident: yaxshi niyatda ekilgan har bir ko‘chat bu – hayot, bu – toza havo, bu – sog‘lom muhit, bu – kelajak
Prezident Shavkat Mirziyoyev “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish tadbirida ishtirok etmoqda.
— Xalqimizda “Yaxshidan bog‘ qoladi”, “Bir ko‘chat – ming baraka”, “Farzand ko‘rsang, to‘y qilsang, daraxt ek”, deb bejiz aytilmagan.
Bunday hikmatli so‘zlarning ahamiyati hozir har qachongidan ham dolzarb bo‘lib borayotganini barchamiz kundalik hayotda his etib turibmiz, – dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari mahalla raislari, otaxon va onaxonlarimiz, xotin-qizlar vakillari, barcha faollarga murojaat qilib, joylarda milliy urf-odatlarimiz, an’ana va qadriyatlarimizni yanada kengroq targ‘ib qilishga, mahalla aholisini hamjihatlik va ahillik ruhida mana shunday ezgu ishlarga chorlashga, klublar, jamoalar tashkil etib, har bir ko‘cha, xonadon, yo‘l bo‘ylariga nihol va gullar, qir-adirlarga daraxt va butalar ekishda yoshlarga bosh bo‘lishga chaqirdi.
— Zero, yaxshi niyatda ekilgan har bir ko‘chat bu – hayot, bu – toza havo, bu – sog‘lom muhit, bu – kelajak demak! – dedi davlatimiz rahbari.
O‘zA