Pokistonga eksport imkoniyatlari kengaymoqda (+video)
Pokistonning fitosanitar xizmatlari bilan olib borilgan muzokaralar natijasida endi o‘zbekistonlik dehqon va fermerlar achchiq qalampir, anjir, limon va olmani ushbu davlatga eksport qilishlari mumkin.
Mazkur mamlakat Janubiy Osiyodagi eng yirik iste’mol bozorlaridan biri sanaladi. Aholi soni 240 million nafardan ortiq bo‘lib, bu bozorning meva-sabzavotga bo‘lgan yillik talabi millionlab tonna bilan o‘lchanadi. O‘zbekiston uchun esa bunday imkoniyat eksport geografiyasini kengaytirishga yo‘l ochadi. Qolaversa, mamlakatimiz katta maqsadlarni ko‘zlagan: mahalliy qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari hajmini oshirib, eksportni yaqin yillar ichida 10 milliard dollarga yetkazish.
- Agentlik tomonidan ro‘yxatga olingan bog‘larda yetishtirilgan, talabga javob beradigan qadoqlash korxonalarida qadoqlangan mahsulotlargina Pokistonga eksport qilinishi mumkin, - deydi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi bosh mutaxassisi Nazokat Tohirova. – Pokiston tomoniga har yili bog‘ va qadoqlash korxonalari reyestri eksport oldidan berib boriladi. Ushbu davlatga eksport qilinadigan mahsulot zararkunandalardan holi bo‘lishi va agentlik tomonidan fitosanitar nazoratidan o‘tgan va sertifikatga ega bo‘lishi kerak. Mahsulotlar faqat plastik yashiklar va karton qutilarda eksport qilinadi. Yog‘och qutilardan foydalanish taqiqlanadi. Mahsulotlar 1-2 darajada saqlanishi va eksportga yuklanganidan keyin 2-3 darajali sovutkichli konteynerlarda eksport qilinishi mumkin.
Bugun xalqaro bozorga chiqish uchun nafaqat mahsulot sifatiga e’tibor berish, balki fitosanitar qoidalarga va harorat mezonlariga ham amal qilish, saralash, kalibrlash, markirovkalash va qadoqlash talablariga rioya etish muhim sanaladi.
Ma’lum bo‘lishicha, 2026-yilning o‘tgan davrida O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan turli davlatlarning fitosanitar xizmatlari bilan olib borilgan muzokaralari natijasida yana 4 davlatga 9 turdagi mahsulot uchun fitosanitar ruxsatlar olinishiga erishildi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/XvCjtpF7JbE" title="Pokistonga eksport imkoniyatlari kengaymoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe> Sanjar Toshpo‘latov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA